Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu tashabbuslar Samarqandda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur tarzida taqdim etildi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvining tashkil topishida asos boʻldi.

Bugungi kunda mintaqa davlatlari bilan barcha sohalarda, xususan, parlamentlar oʻrtasida ikki va koʻp tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib boryapti. Joriy yil 9-10-fevral kunlari Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi ham mintaqa mamlakatlari oʻrtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga xizmat qilgani aytib oʻtildi.

Uchrashuv davomida Senat Raisi T.Narbayeva Natalya Germanga, uning missiyasi davomida Oʻzbekistonning mintaqaviy markaz bilan oʻzaro hamkorligi sezilarli darajada faollashganini, munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.

— 2017-2022-yillarda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi bilan yaqin hamkorlikda Oʻzbekistonda bir qator muhim xalqaro tashabbus va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Biz doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy xarakterdagi qator dolzarb muammolarni hal etishda markaz jamoasi bilan yaqin va konstruktiv hamkorlikni davom ettiramiz, — dedi Senat Raisi.

Oʻz navbatida, Natalya German Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini taʼkidlab, aynan Oʻzbekistonning yetakchi tashabbuskorligida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik jiddiy faollashayotganini yuksak baholadi. Mintaqada oʻzaro faol hamkorlik va konstruktiv muhokama formatini ilgari surayotgan Oʻzbekiston qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi turli masalalarning hal etilishida va mintaqaviy sherikchilik rivojidagi asosiy rolini alohida eʼtirof etdi.

Doʻstona va amaliy ruhda kechgan muloqotda xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, shuningdek, tinchlikni mustahkamlash borasidagi global muammolarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.