Senatda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonda qonunlar xalqaro standartlar asosida qabul qilinayotgani eʼtirof etildi

    2024-yil 25-oktyabrda Senat Raisi Tanzila Narbayeva YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi rahbari Duglas Ueyk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston qonunchilik faoliyatidagi yangiliklarga, oʻzgarishlarga va natijalarga urgʻu berildi. Ayniqsa, qonunlar ishlab chiqilishida va qayta koʻrib chiqilishida inson huquqlarini taʼminlash tamoyili bosh mezon sifatida belgilab olingani alohida eʼtirof etildi.

    Shuningdek, muloqot davomida xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi, ayniqsa siyosiy jarayonlarda faolligi oshgani hamda imkoniyati cheklangan shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi huquqiy meʼyorlar joriy etilgani qayd etildi.

    Bundan tashqari, YEXHT vakillari tomonidan Oʻzbekistonda qonunlar xalqaro standartlar asosida qabul qilinayotgani yuqori baholandi va mazkur yoʻnalishdagi taklif va tavsiyalar qizgʻin muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.