Uchrashuvda senatorlar tomonidan keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan maʼlumot berildi.
Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, kasb-hunarga oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlash, jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifaga aylangani aytib oʻtildi.
Uchrashuvda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlari haqida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi normalarning ahamiyati xususida keng tushuntirishlar berildi.
Muloqot davomida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligi, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning bandligini taʼminlash orqali ularni himoya qilish, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan samarali muhofaza qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi muhim siyosiy jarayonlardan biri boʻlgan parlamentga va mahalliy Kengashlar deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylov jarayonlariga toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda parlament saylovi ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq oʻtkazilayotgani qayd etildi. Saylovoldi tashviqoti doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli tayyorgarlik ishlari haqida ham maʼlumot berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Uchrashuv koʻtarinki ruhda oʻtib, ishtirokchilar esa oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.