Maʼlumki, bugungi kunda ekologik holatni yaxshilash davlat va jamiyat hayotining eng dolzarb masalalaridan biridir. Mazkur yoʻnalishda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirilmoqda. Majlis davomida Senat ham bu boradagi faoliyatini mazkur dolzarb masaladan kelib chiqib takomillashtirishi zarurligi belgilandi.
Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9-moddasiga muvofiq Senatning ayrim qoʻmitalari faoliyati va ixtisosliklariga oʻzgarishlar kiritildi.
Xususan, Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi faoliyati bevosita ekologiya omiliga bogʻliqligi, qoʻmitaning bu boradagi katta tajribasi inobatga olinib, ekologiya bilan bogʻliq barcha masalalar bilan shugʻullanish mazkur Qoʻmita zimmasiga yuklandi.
Shuningdek, mamlakatimizda qishloq va suv xoʻjaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, shu bilan birga agrar sohada alohida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan ayrim tizimli muammolar saqlanib qolayotgani bois Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatini qishloq va suv xoʻjaligi masalalariga qaratishi belgilandi.
Shu munosabat bilan mazkur ikkita qoʻmita nomlari oʻzgartirilib, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi etib qayta nomlandi.
Ixtisoslikdan kelib chiqib, qoʻmitalarning asosiy vazifalari belgilandi va tegishli nizomlar tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.