Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining 2023-yildagi faoliyati sarhisob qilindi

    Moliya 10 Yanvar 2024 1267

    Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

    Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim qonun va masalalar bevosita Qo‘mita mas’ulligida muhokama etildi. Jumladan, Senat yalpi majlislariga 23 ta masala, Kengashiga 15 ta masala va Qo‘mita yig‘ilishlariga 6 ta masala olib chiqildi.

    Qonunchilik faoliyatini amalga oshirish doirasida Qo‘mita faoliyatiga taalluqli 18 ta qonun, xususan «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi muhim qonunlar mutaxassislar va olimlar, ekspertlar fikrlarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlislariga kiritildi.

    Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush farovonligini oshirish kabi qator masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan 24 ta o‘rganish o‘tkazilib, ularning natijalari Senat yalpi majlislari va Qo‘mita yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli tavsiya va aniq takliflar berildi.

    Markaziy bank boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama etildi.

    Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi Qo‘mita tomonidan o‘rganildi hamda natijalari Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilgan ijobiy ishlar qayd etilib, hududiy dasturlar ijrosini samarali yakunlash borasida tegishli tavsiyalar berildi.

    Xalq deputatlari Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Kengashlari bilan birgalikda 2022-yilda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida «Tashabbusli byudjet» jarayonlarida g‘olib deb topilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi holatini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

    Qo‘mita tashabbusiga ko‘ra Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar ijrosi doimiy o‘rganib borildi.

    Aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazoratining samaradorligini oshirish bo‘yicha ham Qo‘mita tomonidan qator o‘rganishlar o‘tkazildi.

    Qo‘mita a’zolari tomonidan parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan samarali foydalangan holda tegishli davlat hokimiyati organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari va muassasalariga 40 ta senator so‘rovi kiritilib, joylarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.

    Xalq bilan bevosita muloqot Qo‘mita a’zolari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Aholining murojaatlarini eshitib, muammolarini hal etish maqsadida saylovchilar bilan 757 ta uchrashuv tashkil etildi. Qo‘mitaga kelib tushgan 2 266 ta murojaatdan 1 826 tasi yoki 80 foizini ijobiy hal etildi va qolgan masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.

    Tadbirda Qo‘mita a’zolarining faoliyat sarhisobiga oid mulohazalari va fikrlari tinglanib, 2024-yilda Qo‘mita oldida turgan asosiy vazifalar belgilanib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.