Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda tashqi siyosat sohasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yurtimizning xalqaro maydondagi salohiyatini kengaytirish va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamda o'zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

2022-yil birinchi yarim yilligida Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 500 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tashrif, uchrashuv va muloqotlar amalga oshirilgan.

Buning natijasida joriy yil 1-iyul holatiga ko'ra, O'zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari kesimida belgilangan tovarlar eksporti prognozi 4 mlrd 642 mln dollarga bajarilgan.

Qayd etilganidek, oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida va diplomatik kanallar orqali 90 ta savdo-iqtisodiy, transport hamda madaniy-gumanitar va boshqa sohalariga oid ikki tomonlama hujjatning imzolanishi ta'minlangan.

Vazir axborotiga ko'ra, respublika hududlariga biriktirilgan elchixonalar tomonidan umumiy qiymati 13,4 mlrd dollarlik 386 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan ushbu loyihalarni amalga oshirish bo'yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, muhokamalar jarayonida vazirlik faoliyatida mavjud bir qator kamchiliklarga ham e'tibor qaratildi.

Xususan, mamlakatimiz 140 dan ortiq davlatlar bilan diplomatik aloqalarni o'rnatilganiga qaramay, investitsion hamkorligimiz ularning atigi 25 foiz ya'ni 35 ta mamlakat bilan olib borilishi, salbiy ahamiyatga ega bo'lmoqda. Gruziya, Daniya, Niderlandiya, Irlandiya, Braziliya, Portugaliya, Bangladesh, Gretsiya kabi salohiyatli mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari yo'lga qo'yilmagan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda O'zbekistonning ayrim elchixonalari tomonidan erishgan natijalar qoniqarli darajada emas. Elchixonalar tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan loyihalarning 50 foizi amaliyotga tatbiq etilmasdan qolib ketmoqda.

Turizmni targ'ib qilish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish yo'nalishida elchixonalarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar sezilarli natija bermagan.

O'z navbatida, senatorlar keng jamoatchilikning asosli tanqidlaridan biri bo'lgan xorijdagi mehnat migrantlarimizni qo'llab-quvvatlash masalasiga ham e'tibor qaratdi.

Jumladan, O'zbekistonning mehnat migrantlarini qo'llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yangi ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmagani tanqid qilindi. Xususan, mehnat migrantlari uchun yangi yo'nalishlar yaratish doirasida Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya va Litva kabi xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishida sustkashlikka yo'l qo'yilgan.

Xorijiy sayyohlar uchun E-visa veb-sayti orqali O'zbekiston elektron vizasini olishda turli texnik nosozlik va qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi va O'zbekistonning xorijdagi elchixonalarining rasmiy veb-saytlaridagi ma'lumotlar muntazam ravishda yangilanib borilmaydi. Investorlar, ishbilarmonlar va sayyohlar uchun yetarli ma'lumot va havolalar joylashtirilmagan.

Yuqoridagi masalalar inobatga olinib, vazirlik axboroti yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.