Majlisda Oliy Majlis yuqori palatasining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Shu jumladan, aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridagi vazifalar asosida sohada tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, yugurish, yurish, velosport, badminton, stritbol, Workaut va boshqa sport turlari boʻyicha jami 56 mingdan ziyod ommaviy sport tadbirlari tashkil etilib, ularga 4 mln 700 ming aholi jalb qilingan.
Aholi oʻrtasida 31 mingga yaqin sogʻlomlashtirish (ertalabki badantarbiya) tadbirlarida 3 million 3 mingga yaqin aholi ishtiroki taʼminlangan.
Yopiq sport inshootlaridan samarali foydalanish maqsadida taʼlim muassasalarining 5 359 ta sport zallari inventarizatsiyadan oʻtkazilib, ularning 4 235 tasida darslardan soʻng aholining sport bilan shugʻullanishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Natijada bir kunda 473 mingdan ziyod aholini sportga jalb qilish imkoni paydo boʻlgan.
Qolaversa, aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” www.1hls.uz veb-portali hamda uning mobil ilovasi yaratilib, ishga tushirilgan hamda yuklab olish uchun Google Play internet tarmogʻiga joylashtirilgan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etish hisobini yuritishning aniq mezonlari yoʻqligi tufayli joylarda bu boradagi koʻrsatkichlarni real baholash imkoni mavjud emas.
Ayrim hududlarda bir martalik ommaviy sport tadbirlariga jalb qilingan aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar roʻyxatiga kiritish orqali qamrov koʻrsatkichlarini oshirish holatlari kuzatilmoqda.
Navoiy viloyatida 199 ta, Toshkent viloyatida 98 ta, Xorazm viloyatida 48 ta, Surxondaryo viloyatidagi 40 ta mahallada velosport, yurish, yugurish yoʻlaklari mavjud emas.
Baʼzi hududlardagi mutasaddilar tomonidan “Salomatlik yoʻlaklari” sifatida taqdim etilayotgan piyodalar yoʻlaklari belgilangan oʻlchamlar va talablarga javob bermaydi.
Qolaversa, sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish yetarlicha tashkil etilmagan.
Majlisda mavjud kamchiliklarni hal etish borasida Senat aʼzolari hamda ekspertlar tomonidan muhim taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.