Аmaldagi Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish darajasi past bo‘lib, bugungi bozor sharoitida samarasiz bo‘lgan, eskirgan norma va qoidalarni o‘zida mujassam etgan. Xususan, mehnat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bir nechta qonunosti me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha davlat buyurtmasi mexanizmlari ko‘rsatilmagan. Shu jihatdan bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, mehnat bozori va mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq yangi munosabatlarni qonuniy tartibga solish zarurati ham vujudga kelmoqda.
Yangi tahrirdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun esa ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlashda zamonaviy kasbiy va mehnat standartlarini joriy etish, mehnatga haq to‘lashning mexanizmlarini tartibga solish va takomillashtirishda dasturilamal bo‘ladi.
Qonunda birinchi marta ish bilan ta’minlashning samarali va istiqbolli yo‘nalishlari - kasbiy malaka va kompetentsiyani rivojlantirish milliy tizimi, mehnat daftarchalari va shartnomalarining elektron hisobini yuritishni nazarda tutuvchi yagona milliy mehnat tizimi joriy etilmoqda.
Ularning kiritilishi bandlikni ta’minlashning zaruriy sharti hisoblanib, mehnat bozori to‘g‘risida to‘liq ma’lumot to‘plash va olishga imkon beradi. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyotga o‘tish sharoitida bu juda muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.
.jpg)
Qonunning qabul qilinishi mehnat bozori va bandlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, milliy ishchi kuchi sifatini oshirish uchun rag‘batlantirishni tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirishni kuchaytirish, ishsizlarni moddiy qo‘llab-quvatlash va ularning ijtimoiy faolligini rag‘batlantirishni mustahkamlaydi.
Shuningdek, mehnat bozorida zamonaviy infratuzilma va institutsional muhitni yaratish, mehnat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, shaxslarning tadbirkorlik tashabbuslari va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish imkoniyatlari ortadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.