Mazkur hujjat bilan 2 ta kodeks va 7 ta qonunga islomiy moliya standartlarini joriy etuvchi yangi normalar kiritilmoqda.
Qonunga koʻra, endilikda banklar uchun islomiy bank faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etiladi. Bunda banklar toʻliq islomiy bank sifatida yoki anʼanaviy faoliyat bilan bir vaqtda “islomiy darcha” xizmatlarini koʻrsatishi mumkin boʻladi. Jarayonni muvofiqlashtirish uchun Markaziy bank va tijorat banklarida maxsus islomiy moliya kengashlari tashkil etiladi.
Islomiy moliya operatsiyalarining oʻziga xos jihatlari inobatga olinib, Soliq kodeksiga alohida bob qoʻshildi. Unga koʻra:
- Islomiy moliyadan olingan daromadlar soliq solishda foizli daromadlarga tenglashtiriladi;
- Banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga sotiladigan tovarlarga qoʻyiladigan ustama QQSdan ozod qilinadi.
Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu islohot aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytiradi. Shuningdek, tizimda raqobat muhitini yaxshilab, mamlakat iqtisodiyotiga yangi strategik investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.