Senatorlar Tashabbusli byudjet jarayonlarida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni tadqid qildi

    Andijon viloyati Shahrixon tumani Beruniy istirohat bogʻiga 42 metr balandlikdagi Charxpalak oʻyingohi qurish loyihasi tadbirkorlik xususiyatiga ega boʻlishiga qaramay ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan hamda ushbu loyiha eng koʻp ovoz olgan holda gʻolib deb topilgan.

    Bu haqda Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining majlisida bu kabi tashabbusli byudjet jarayonlarini amalga oshirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tanqid qildi.

    Xuddi shunday holat Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi aeroport bino va inshootlarini taʼmirlash loyihasi boʻyicha ham yuz bergan. Loyiha tadbirkorlik xususiyatiga ega boʻlishiga qaramay ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan va mazkur loyiha ham eng koʻp ovoz olgan.

    Tashabbusli byudjet jarayonlarida ovoz yigʻishga majburlash holatlari yuzasidan “1282” ishonch telefoni raqamiga jami 74 ta shikoyat kelib tushgan va ushbu holatlar yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish kerakligi alohida taʼkidlandi.

    Shu bilan birga majlisda 2024-yilgi tashabbusli byudjet jarayonlarining 1-mavsumi doirasida gʻolib deb topilgan 993 ta loyiha boʻyicha qurilish va xarid qilish jarayonlari hanuzgacha davom etayotgani yuzasidan masʼul rahbarlarning axborotlari eshitildi.

    Majlis yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.