Senatorlar tomonidan maʼqullangan qonunga koʻra Soliq hamda Bojxona kodekslariga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

    Senatning 59-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq hamda Bojxona kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Bu haqda Oliy Majlis Senati maʼlum qildi.

    Qonun bilan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda telekommunikatsiyalar operatorlariga soliq va bojxona imtiyozlari berilmoqda.

    Soliq kodeksiga kiritilayotgan qoʻshimchaga muvofiq endilikda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan respublika hududiga olib kiriladigan tezkor qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalari soliq solishdan ozod qilinadi va mazkur texnik vositalar soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

    Bundan tashqari, Bojxona kodeksiga yuqorida koʻrsatilgan texnik vositalarni bojxona bojini toʻlashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.

    Shuningdek, harbiy xizmatni nazarda tutuvchi boshqa idoralar harbiy yuklar bojxona rasmiylashtiruvida bojxona yigʻimini toʻlashdan ozod qilinmoqda.

    Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.