Buning tasdigʻi sifatida Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi Toshkent tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi filiali uchun sendvich panelidan 36x36 oʻlchamdagi sport zali hamda 12x24 oʻlchamdagi sunʼiy qoplamali futbol maydoni qurib bitkazilganligini aytish mumkin. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 120 mln soʻmni tashkil etib, qurilish ishlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi.
Bugun, 19-avgust kuni Oʻzbekistondagi oʻndan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ushbu zamonaviy sport inshootiga media-tur tashkil etildi. Media-tur davomida sendvich panelidan qurib bitkazilgan sport zalining afzalliklari borasida jurnalistlarga toʻliq maʼlumot berib oʻtildi.
Yangi oʻquv yilidan foydalanishga topshiriladigan universal sport zalida mini-futbol, boks, badiiy gimnastika, erkin kurash, “Turon” jang sanʼati, karate WKF, badminton sport turlaridan qoʻshimcha sport toʻgaraklari tashkil etiladi. Natijada tuman yoshlarining qariyb 600 nafari muntazam oʻzlarining sevimli sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Ushbu sport zalida bir paytning oʻzida basketbol, mini-futbol, voleybol, gandbol va badminton sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud. Bir soʻz bilan aytganda, 2020/2021 oʻquv yilidan foydalanishga topshiriladigan koʻp tarmoqli sport zali Toshkent tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabida sportning oʻyin turlarini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati