18-yanvar taxminan soat 23.50 larda 26 yoshli Azimjon “Kobalt” rusumli avtomobilida tanishlari 32 yoshli Zavqiddin va 40 yoshli Zulfiqor bilan Sergeli tumani 6-kvartaldagi avtoturargohga kelgan. Shu payti ikki nafar fuqaro – 30 yoshli muqaddam sudlangan Aziz va 30 yoshli Xurshid alkogol mastlik holatida boʻla turib, avtomobilning yoʻlini toʻsgan.

Natijada fuqarolar oʻrtasida janjal boshlangan. Aziz va Xurshid avtomobilning oynalarini sindirib, avtomobilga shikast yetkazgan, Zulfiqor va Zavqiddinlarni urib, ularga tan jarohati yetkazishgan. Zulfiqorga tan jarohati yetkazish jarayoni shu joydagi koʻp qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan videoga olingan va internet tarmogʻiga joylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumon qilinuvchilar Aziz va Xurshidlar ushlangan. Tergov harakatlari davom ettirilyapti, deb xabar beradi Toshkent shahar IBB matbuot xizmati.