Lekin tarmoqqa yoppasiga tobelikning oʻziga yarasha manfiy va musbat jihatlari bor.

Ana shu “lekin” sabab koʻngil bir oz xira tortayotganini ham yashirmaylik. Zamonaviy, ayni paytda ijtimoiy tarmoqni “gullatayotgan faollar” ikki qutbga ajralib ketgandek, nazarimda. Bu qutbning birida shaffof, ikkinchisida vazifasi quyosh nuridan himoya qilish boʻlgan qora koʻzoynakni oʻzga maqsadda taqib olganlar javlon uradi, xolos. Boshqacha aytganda, pozitiv va negativ front goʻyo.

Atrofdagi voqea-hodisa, yangilik va islohotlar tub mohiyatini aslidek koʻruvchi va anglovchilar birinchi toifaga kiradi. Ular vaziyatga toʻgʻri baho beradi. Agar kamchilik yoki notoʻgʻri yondashuv boʻlsa, tahlil orqali yotigʻi bilan tushuntiradi. Ikkinchi taraf esa hamma narsaga, hatto murgʻak bolalar ishtirokidagi samimiy chiqishlarga ham faqat yomon nigoh bilan boqadi. Soʻnggi paytlarda ana shu qora koʻzoynaklilarning “joʻshqin faoliyati” kishini xavotirga solayotir. Ularning maqsadi, muddaosi, jamoatchilik fikri shakllanishiga koʻrsatayotgan taʼsiri tahlil qilinsa, koʻp masala oydinlashadi.

Deylik, biror hokim, vazir yo soha mutasaddisi xalq orasida koʻrinish berdi — jamoat transportida yurdi, umumiy ovqatlanish shoxobchasida tushlik qildi yoki odamlar bilan muloqot paytida oʻzini erkin (norasmiy) tutdi. Bu holatni kimdir oshkora yoki yashirin tasvirga muhrlab, ijtimoiy tarmoq orqali bir zumda tarqatib yuboradi. ­Tabiiyki, ­bunday paytda sharhlar yozilib, koʻpchilik oʻz fikr-­mulohazasini boshqalar bilan oʻrtoqlashgisi keladi. Ana shu joyda shaffof va qora koʻzoynaklar ishga tushadi.

Uzoqqa bormaylik. Oʻtgan oyning soʻnggi chorshanbasi yurtimizda navbatdagi avtomobilsiz kun edi. Bilmadim, bu oʻz tashabbusi edimi yo axborot xizmati maslahat berganmi, xullas, bir mutasaddi faol fuqaro sifatida sogʻlom turmush tarziga amal qilish, ekologiya musaffoligiga hissa qoʻshishga boshqalarni ham chorlab, ishga xizmat mashinasisiz kelgani haqida ijtimoiy tarmoqqa surat joyladi. Shundan keyin boshlandi-ku...

“Boʻlar ekan-ku... Boshqalar ham oʻrnak olsa qaniydi...”ga oʻxshagan bir-ikki olqish “Rol oʻynashni boplabdi... Omma uchun uyushtirilgan surat bu... Amaldorlar avtomobilidan bir daqiqayam voz kechmaydi...” kabi taʼna-dashnomu tanbehlar ostida qolib ketdi. Oʻylab qoldim: nega biz ijtimoiy tarmoqdan foydalanish madaniyatini oʻzlashtira olmayapmiz? Nima uchun bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, tashabbus va xayrli ishlarga qanot berishni oʻzimizga ep koʻrmayapmiz? Nima sabab vaziyatni faqat yomon tomonga buramiz, uning salbiy tarafini koʻrgimiz keladi?

Bu hammaga maʼlum, barchaning koʻz oʻngidagi fakt­lar. Endi oʻzim bilan sodir boʻlgan bir misolni keltirmoqchiman. Bundan 4-5 oy avval qandaydir gʻurur tuygʻusi bilan ijtimoiy tarmoqqa “Ikki yoshga ham toʻlmagan nabiramga onasi oʻzbek, tojik, rus va ing­liz tilida 20 gacha sanashni oʻrgatibdi” degan mazmunda post joyladim. Xoʻsh, nima deb oʻylaysiz? Ha, men ham shunday oʻylagandim. Kuzatuvchilar quvonchimga sherik boʻladi, kimdir havas qiladi, bosh­qasi bolajonni duo qiladi, deya umid qilgandim.

Toʻgʻri, shundaylar koʻpchilikni tashkil qildi ham. Ammo qora koʻzoynak taqqan bir “doʻstim”ning izohidan keyin postimni oʻchirib tashladim va qaytib insoniy har qanday tuygʻularni ijtimoiy tarmoqqa olib chiqmayman, degan qarorga keldim.

U aynan bunday yozibdi: “Ikki yoshli bolaga har xil tillarni oʻrgatishga balo bormi? Undan koʻra, Qurʼonni, namoz oʻqishni oʻrgating”.

Seskanib ketdim. “Hoy, baraka topkur, sal fahmni ishlat. Bu yerda 12 emas, hali 2 yoshga ham toʻlib ulgurmagan, tili chiqib-chiqmagan goʻdakning sen bilan menikidan ancha rivojlangan zehni haqida gap ketyapti. Buni shunchaki nabirasini koʻrib zavqi kelgan odam yozyapti”, demoqchi boʻldimu, indamadim. Eng ayanchlisi, oʻsha izohdan keyin yana kimlardir shunday kayfiyatga yaqin fikrlarni yozishga harakat qildi.

Gap qayerga qarab ketayotganini anglayotgandirsiz? Oʻsha izoh joylangandan soʻng kuzatuvchilarda asta-sekin yondashuv oʻzgara bordi, mazmun salbiy tomonga ogʻa boshladi. Oʻndan ortiq ijobiy postdan keyin qoldirilgan birgina qitmir izoh muhokamalar tizginini boshqa oʻzanga burib yubordi. Shunaqa — inson tabiati qiziq va murakkab. Yaxshi amalni oʻrgatishga 10 ta saboq talab etilsa, yomon narsa uchun bittasi kifoya ekan.

Hozir aksariyat odam jurnalist va bloger tushunchasini aralashtirib yuboradi. Qoʻlida ­smartfoni boʻlgan kishi borki, blogerlik qilyapti, aslida. Har holda oʻzini bloger deb his etyapti. Ayrimlar atrofga faqat qora koʻzoynak ortidan boqib, ogʻziga, xayoliga kelganini aytish va yozishdan tiyilmayapti. Salbiy post qoʻya olmasa, hovurini izoh qoldirish orqali bosyapti.

Afsuski, bu masala nafaqat bizda va hozir, balki butun dunyoda va azaldan muammo boʻlib kelgan. Oʻz vaqtida AQSH Prezidenti Teodor Ruzvelt jurnalistlarni “jamiyat farroshlari” deb atar ekan, ularga taxminan bunday murojaat qiladi: “Agar jurnalist faqat jamiyatdagi kamchiliklar bilan shugʻullanaversa, dimogʻi bitib, koʻzi shunga oʻrganib, beli bukchayib, faqat tirnoq ostidan kir izlaydigan maydakashga aylanib qolishi mumkin. Unga ora-sira qaddini rostlashini, boshini baland koʻtarishini, yulduzli, quyoshu oyli osmonga ham koʻz tashlab qoʻyishini maslahat beraman”.

Bu ijtimoiy tarmoqlar mavjud boʻlmagan, jamiyatda faqat bosma OAV javlon urgan paytning gapi.

Toʻgʻri, mamlakatimizda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va eʼtiqod, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlarini kafolatlash borasida qilingan va qilinayotgan ishlarni bitta maqolada jamlash murakkab yumush.

Qonunchilikka koʻra, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari erkin. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga ega. Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Keyingi yillarda yurtimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi. Bugun avval tasavvurimizga sigʻmagan tushuncha va hodisalar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Soʻz erkinligini taʼminlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani, davlat idoralarining ochiqligini kuchaytirish, blogerlik mavqeini koʻtarish, barcha toifadagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilish borasida salmoqli amaliy ishlar qilindi. Natijada faol matbuot xalq orasida hurmat-eʼtibor qozonib, “toʻrtinchi hokimiyat” darajasiga koʻtarilib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo boʻlmasin, turli bahslar, fikrlar, tortishuvlar koʻrinishida ushbu axborotga munosabat bildirilmoqda. Bu ham yurtimiz ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning faollashib borayotganini koʻrsatadi. Bunda suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻyish mutlaqo oʻzini oqlamaydi.

Bularga javoban barchamizdan masʼuliyat, vaziyatning xolis tahlili, oʻzaro hurmat va ishonch talab etiladi. Nazarimda, bunga “labbay” deb javob berish u qadar qiyin emas.

Bir latifa bor: ayol ertalab kechroq uygʻongach, xona derazasidan tashqariga qarab, turmush oʻrtogʻiga “Dadasi, bugun quyosh har kungidanam charaqlab chiqibdi-ya”, desa, bunga javoban er: “Bugun ham har doimgi quyosh, faqat barvaqt turib, kir boʻlib ketgan derazalarni artib qoʻygandim”, degan ekan.

Yostiq boy va faqirning, katta va kichikning, shahzoda va qoʻriqchilarning boshini koʻtaradi. Lekin unda faqatgina vijdoni xotirjamlar sokin uyquga keta oladi. Shunday ekan, qalbimiz derazalarini vaqti-vaqti bilan tozalab, borliqni boricha koʻrish va xotirjam vijdon bilan uyquga ketish saodati barchamizga nasib qilsin. Zero, ajdodlarimizdan qolgan manbalarda “Koʻrinishing bilan faxrlanma. Chunki uni sen yaratmagansan. Nasabing bilan ham faxrlanma. Chunki uni sen tanlamagansan. Lekin axloqing bilan faxrlan. Chunki unga ziynatni faqat oʻzing bergansan”, deyilgan. Bu hikmatni esa, albatta, bilasiz.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri