Korrupsiya jamiyatni iskanjaga oladigan zararli illat. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa salbiy hodisalar rivojiga poydevor boʻladi. Korrupsiya davlat, iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan eng asosiy toʻsiqlardan biridir.
Soʻnggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Korrupsiya holatlarining oldini olish va bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida inson omilini kamaytirish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻlga qoʻyildi.
BMT Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan buyon 9-dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 2023-yil 23-avgustdagi bayonnomasi bilan 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bagʻishlangan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Mazkur rejada davlat organlari faoliyatining ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash hamda ommaviy axborot vositalari va fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob olish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilishi belgilangan.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida boʻlib oʻtgan shunday tadbirda taʼlim muassasasida shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
− Biz faoliyatimizda OAV uchun doimo ochiqmiz, – dedi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatov. – Akademiyaga kirish jarayonida imtihonlar shaffof oʻtkazilishi, oʻquv mashgʻulotlari va yakuniy nazorat imtihonlari qay tartibda yoʻlga qoʻyilgani, oliygohning chet mamlakatlar bilan hamkorligi doirasi, talabalarning yotoqxona va ish bilan bogʻliq masalalari OAV vakillariga ochiq taqdim etib kelinmoqda.
Tadbirda qayd qilinishicha, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining respublikamiz oliy oʻquv yurtlari 2022-yilgi faoliyati milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa 59,74 natija bilan 1-oʻrinni egalladi.
Ayni paytda ushbu akademiya oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ilmiy salohiyati boʻyicha ham yetakchilik qilib kelayotgani eʼtiborlidir.
Har bir idora, tashkilot jamoatchilik oldida doimo mana shunday javobgarlikka tayyor tursa, masʼuliyat hissini namoyon qilsa, nafaqat taʼlim tizimida, balki barcha sohada sifat koʻrsatkichlari oʻzgaradi.
Tadbirda korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha amaliy ishlar xususida atroflicha maʼlumot berildi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri