Haydovchilarning shoshma-shosharligi sabab, bu dunyoni erta tark etgan bolalarning ota-onalarining ahvolini bir tasavvur qilib koʻring. Bu kabi holatdan hech birimiz himoyalanmaganmiz. 70 km/s shahar ichida harakatlanish uchun ham koʻplik qiladi. Butun dunyoda bu anchagina katta koʻrsatkich ekanini maqolani oʻqish davomida bilib olishingiz mumkin.

Kuniga yurtimizda pandemiya sabab vafot etganlar soni rasman eʼlon qilinib borilmoqda. Ammo COVID 19 sabab vafot etganlardan koʻra yoʻl-transport hodisalari oqibatida vafot etganlar soni koʻp. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda yoʻl-transport hodisalari natijasida halok boʻlganlar soni 2094 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkish 1962 kishi halok boʻlgan.

2021-yil yanvar—aprel oylarida esa Oʻzbekistonda jami 2242 ta yoʻl-transport hodisasi qayd etilgan. Avariyalar natijasida 557 kishi halok boʻlgan boʻlsa, yana 1684 kishi jarohatlangan. Bu kichkina raqamlar emas! Qoʻyidagi faktlarga nazar tashlaylik. Bu soʻnggi 10 kunda sodir boʻlgan YPH lar:

Qashqadaryoda sodir boʻlgan YPH da 7 kishi haloq boʻldi;

Fargʻonada YPH sabab 6 kishi halok boʻldi;

Nukusda 3 ta avtomashina toʻqnashdi, 6 kishi halok boʻldi;

Samarqandda YPH sabab 6 yoshli bola vafot etdi;

Namanganda yirik YPH sodir boʻldi, 2 kishi vafot etdi, 2 kishi jarohatlandi;

Surxondaryoda hujjatsiz shaxs sodir etgan YPH da 11 yoshli bola halok boʻldi;

Fargʻonada bir haftda 20 kishi YPH qurboni boʻldi, 18 kishi jarohatlandi;

Surxondaryoda mast haydovchi mashinani chuqurga qulatdi. Natijada yoʻlovchi vafot etdi.

Bu hali eʼlon qilingan xabarlar, eʼlon qilinmagani qancha?!

Bu qanchadan qancha onalarning koʻzyoshlari, bolalarning boquvchisisiz qolgani boʻlishi mumkin. Yoʻl-tranpsort hodisalariga jiddiy qarash va oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashish kerak.

Bugungi kunda deyarli har bir xonadonda mashina bor, bu yaxshi albatta. Lekin, ularni boshqarayotganlar kimlar? Ularning rulni boshqarayotgan vaqtida sogʻligi qay ahvolda? Ming afsuski, baʼzi insonlar rulga oʻtirar ekan, yoʻlning egasi menman deb fikrlab, orqa -oldiga qaramay boshqarish holatlari uchramoqda. Bu kabi holatlarda haydovchi bilan birga koʻplab insonlarning oʻlimi bilan tugagani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻqiganmiz, oʻzimiz guvohi boʻlyapmiz. Shu kabi holatlarning oldini olish, insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida Mening fikrim portaliga “Shaharlarda transport tezligini 50 km/s pasaytirish” toʻgʻrisida petitsiya eʼlon qilindi. Maqolada bu avtohalokat sabab kelib chiquvchi holatlarning 80% ga kamayishi taʼkidlab oʻtilgan.

Ushbu petitsiyada shahar ichida transport tezligi 50 km/s, maktab, bogʻcha, shifoxona kabi ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan joylarda esa transport tezligi 30 km/s boʻlishi kerakligi, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ushbu qoida tadbiq etilgani aytib oʻtilgan. Afsuski, buni toʻliq oʻqimagan yoki tushunmagan odamlar eʼtiroz bildirib, izoh qoldirishgan. Lekin, ushbu qoida koʻplab rivojlangan mamlakatlarda allaqachon joriy qilingan. Bu qachondir qabul qilinishi kerak boʻlgan qarorlardan biri. Ammo, uni qabul qilishni qancha kechiktirsak, shuncha vaqt yoʻqotamiz, balki koʻplab insonlarning hayotini ham yoʻqotarmiz.

Shaharlarda hozirda mavjud boʻlgan harakatlanish tezligi 70km/s. Bu dunyodagi eng katta koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Nafaqat rivojlangan mamlakatlar, balki deyarli hech qayerda bunday katta cheklov qolmagan. 2017-yil holatiga koʻra faqat yigirmata mamlakatda shahardagi harakatlanish tezligi 70km/s va undan balandroq boʻlib qolib ketgan. Yangiroq maʼlumotlarga nazar tashlasangiz, oʻsha mamlakatlarda ham oxirgi yillarda bu cheklov kamayganini koʻrish mumkin.

Yoʻllarda faqat haydovchi emas, balki piyoda, haydovchi va piyoda kabi munosabatlar ham borligini unutmaslik kerak. Hatto, yoʻllarda “zebra”lar bor boʻlishiga qaramasdan, bunga amal qilmaslik holatlari koʻplab koʻngilsiz voqealarga sabab boʻlyapti.

- Men shahar koʻchalarida bemalol yurishga qoʻrqaman. Hatto “zebra” yoʻlda ham haydovchilar toʻgʻri haydab kelishadi. Baʼzida svetoforga toʻxtagan mashinalar aynan “zebra” yoʻl ustida toʻxtashadi. Bu biz piyodalar uchun juda noqulay. Yaqinda yoʻl mashinasida Andijonga borib keldim. 40-45 km/s tezlikda ketdik. Boshida biroz erish tuyildi. Biz tez harakatlanishga oʻrganganmiz. Yoʻlda qoʻrqsam ham tez ketishganda indamasdim. Manzilga tezroq yetish muhimdek. Ammo, yaqinda bir avtohalokatga guvoh boʻldim. Hammasi shunchalar tez sodir boʻldiki, nima boʻlganini toʻliq anglab yetmadim. Ammo oʻshanda mashinaning urilgandagi ovozi haligacha qulogʻim ostida turibdi. Shundan keyin juda qoʻrqib qoldim. Muhimi, tez yetib borish emas, sogʻ yetib borish ekan, - deydi Oyjamol Rahmonova.

Toʻgʻri, transport tezligi 50 km/s boʻlishi toʻgʻrisidagi petitsiyani jamoatchilik eʼtiroz bilan qabul qilyapti. Sababi, odamlar aslida bu ularning oʻz foydalariga ekanini tushunishmayapti.

Bu borada masʼullarning jamoatchilik bilan ishlash, tahlil qilish va aholiga oʻz vaqtida toʻgʻri tushuntirib, yetkazib bermayotgani ham sabab boʻlishi mumkin. Yoʻllarda bekorga halok boʻlayotganlar oz emas! Bu barcha rivojlangan davlatda boʻlgani kabi bizda ham yaqin kelajakda joriy etilishi kerak.

Yanvar oyidan boshlab yoʻl harakati qoidalari buzilganligi haqidagi videolarni istalgan videoyozuv moslamasidan, shu jumladan smartfonlarda yozib olib, yuborish mumkinligi eʼlon qilingach, odamlar buni ham notoʻgʻri talqin qilishdi. Turli eʼtirozlarga sabab boʻldi. Jamoatchilik nazorati oʻrnatish maqsadida video olayotganlar turli tanqid va haqoratlarga uchradi, uchramoqda. PETITSIYA NOMI Bu petitsiya ham bizga insonlarning hayotini saqlab qolish uchun kerak. Yoʻlga chiqqan haydovchi doim oʻzi bilan birga atrofdagilarning ham hayotiga javobgar ekanligini unutmasligi lozim.

Shahnoza Xoliqova