Shahrisabzda IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyiga start berildi

    Turizm 14 Avgust 2025 827

    Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Miraki turizm maskanidagi “Lochin” oromgohida “Yoshlar kelajak bunyodkorlari!” IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi boʻlib oʻtyapti.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Turizm qoʻmitasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan qurultoyda respublikamizning 14 hududidan hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalaridan kelgan 1000 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etyapti.

    Tadbir doirasida dastlab matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda bu galgi qurultoyning ahamiyati, avvalgi qurultoylardan farqli jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek,“Biz, bir jamoamiz – salom, qurultoy” shiori ostidagi tashrif namoyishida mahalliy va xorijlik yoshlardan iborat jamoalar oʻz hududlarini koʻrgazmali chiqishlar orqali tanishtirdilar. Bunda milliy urf-odat va anʼanalar, ekologik vaziyat va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq muammolarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, qurultoy davomida har bir hudud oʻz milliy stendlarini namoyish etdi. Ekologik va turizm salohiyat aks etgan, milliylikka qaratilgan stendlar hakamlar tomonidan baholandi.

    Bundan tashqari, qurultoy tarixida ilk bor “TEDxQurultoy” loyihasi taqdim etildi. Unda har bir jamoadan yoshlar oʻzlari guvoh boʻlgan turli muammoli masalalarga eʼtibor qaratdilar. Shu bilan birga, ishtirokchilar Markaziy Osiyo yoshlarining turizm va ekologiya assotsiatsiyasi (“Central Asian tourism and ecology youth association”) nizom loyihasi bilan tanishdilar hamda assotsiatsiyaning mahalliy hamda xorijlik raislari saylandi.

    Shu bilan birga, yoshlarning ekologik madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan seminar ham tashkil etildi. Unda Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, vazirlik departamenti rahbari Bahrom Xolxoʻjayev va vazirlik Iqlim oʻzgarishi milliy markazining Buyuk Britaniyalik menejeri Charlz Norman yoshlarga oʻz tajribalaridan kelib chiqqan holda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni asrash borasida muhim tavsiyalar berdilar.

    Qurultoyning rasmiy ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda respublikamizning har bir hududidan saylangan “Yosh turizm elchilari” hamda “Yosh ekologlar harakati” kengashlari raislariga ishonch yorliqlari topshirildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Qurultoy 16-avgustgacha davom etadi. Ishtirokchilar turli seminarlar, intellektual oʻyinlar, loyihalar taqdimotlari, musobaqalar va boshqa tadbirlar orqali oʻz bilimlarini yanada mustahkamlaydi, gʻoyalarini amalga tatbiq etadi va oʻzaro tajriba oshiradi.