Tadbirda Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziri, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Boʻriyev, shuningdek, IHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari va oliy martabali mehmonlar ishtirok etdilar.
IHT Bosh kotibi Husrav Noziri tomonidan Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Boʻriyevga 2024-yilda “Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” maqomini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.
Tantanali marosim konsert dasturi bilan davom etdi. Kecha mehmonlari opera ijrochilarining kuy-qoʻshiqlari, otashin xalq raqslari, shuningdek, orkestrning betakror ijrolaridan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻldilar.
Tadbir ishtirokchilariga IHTga aʼzo mamlakatlar malakali dizaynerlari ishtirokida “Modest fashion show” modalar koʻrgazmasi namoyish etildi. Unda Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Tojikistonning mashhur dizaynerlari bilan bir qatorida 5 nafar mahalliy dizaynerlar ishtirok etdilar. Dizaynerlar 160dan ortiq liboslarni oʻz ichiga olgan tarixiy, milliy va zamonaviy yoʻnalishdagi kolleksiyalar toʻplamini mehmonlar eʼtiboriga taqdim etdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.