Shamollar jilovin tutganda...

    Dunyo taraqqiy etib borgani sayin kundalik turmush uchun zarur ehtiyojlar soni ham tobora ortib bormoqda.

    Xususan, tirikligimiz uchun dastlab uch neʼmat — havo, suv va yemak zarur deb hisoblangan boʻlsa, yaqin oʻtmishga kelib bu roʻyxat yogʻ, un, shakar, sovun kabi 10 ga yaqin mahsulot bilan boyidi. Bugun esa texnika taraqqiyoti tufayli ularning soni karrasiga oshib ketdi. Birgina doim yonimizda olib yuradigan smartfonimiz misolida oladigan boʻlsak, uni quvvatlantirishdan tortib abonentlik uchun alohida, internet trafik uchun alohida pul sarflaymiz. Shu tariqa xarajatlarimiz va shunga mos tarzda ehtiyojlarimiz soni ortib boraveradi.

    Kundalik turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bu ehtiyojlar, oʻz navbatida, ishlab chiqarish sanoati, jumladan, elektr energiyasiga talabni keskin oshirmoqda. Masalan, yurtimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida soʻnggi besh yilda xonadonlar soni 1,2 milliontaga koʻpaygan, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgan. Shunga parellel ravishda elektr energiya siga talab ham 35 foiz oshgan.

    Bunday sharoitda eng toʻgʻri yechim muqobil energiyadan foydalanish koʻlamini oshirish hisoblanadi. Chunki avvalo, yurtimiz qayta tiklanuvchi energetika manbalaridan foydalanish uchun geografik va iqlim jihatidan juda qulay hudud. Qolaversa, har qanday zaxira, u xoh gaz yoki koʻmir boʻlsin, qancha koʻp sarflangani sari shuncha kamayib boradi va tugash muddati yaqinlashib kelaveradi.

    Shu bois, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2022­-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “yashil” iqtisodiyot texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etib, energiya samaradorligini 20 foiz oshirish belgilangan. Bunda 2026-yilga kelib, elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kilovatt­soatga oshirib, jami 104 milliard kilovatt­ soatga yetkazish koʻzda tutilgan.

    Bugungi kunda ushbu vazifalar doirasida hududlarda quyosh, shamol va gidrostansiyalar qurish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida barpo etilayotgan shamol elektr stansiyasi ana shunday hayotbaxsh loyihalardan biridir.

    Prezidentimizning 2019-yil martida Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi doirasida “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC — Masdar” kompaniyasi bilan mamlakatimizda umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishga oid bitim imzolangan edi. Ushbu bitim asosida 2020-yil 22-dekabrda davlatimiz rahbarining “Navoiy viloyatida quvvati 500 MBt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora­ tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ayni vaqtda mazkur qaror ijrosi doirasida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 293 gektar maydonda mintaqamizdagi eng yirik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

    Ushbu hudud shamol elektr stansiyasi qurish uchun bejiz tanlanmagan. Sababi, bu yerda shamol tezligi soniyasiga 20-­30 metrgacha yetadi. Bu esa tizimning barqaror ishlashida muhim ahamiyatga ega.

    Bunday yirik loyiha uchun BAAning “Masdar” va Xitoyning “Goldvind” kompaniyalari oʻrtasida 111 ta trubina yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan. Shu asosida ayni paytda ushbu shamol elektr stansiyasi uchun Xitoyning Lanjou shahridan trubina va generatorlar maxsus transport vositalari yordamida Navoiy viloyatiga olib kelinmoqda.

    — Asosiy maqsadimiz, avvalo, qurilish jarayonida ishchilar va texnika xavfsizligini taʼminlash, — deydi loyihaning texnika xavfsizligi boʻyicha mutaxassisi xitoylik Vang Yang Ve. — Qolaversa, bu bizning Oʻzbekistondagi birinchi loyihamiz emas. Karmanadagi quyosh elektr stansiyasi qurilishida ham ishtirok etganmiz. Ayni vaqtda Markaziy Osiyoda yagona boʻlishi kutilayotgan shamol elektr stansiyasini quryapmiz. Hozir bu yerda transformatorlarni oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

    Ushbu loyihaning umumiy qiymati 600 million dollarni tashkil etib, xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshiriladi. Shamol elektr stansiyasi qurilishining birinchi bosqichi joriy yil oxirida yakuniga yetkazilib, tarmoqqa ulanishi rejalashtirilgan. 2024-yil yakuniga qadar toʻliq quvvat bilan ishga tushiriladigan mazkur stansiyada yiliga 1 milliard 800 million kilovatt­soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

    Buning natijasida yiliga 540 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Shamol elektr stansiyasining qurilishi davomida 800 tagacha va ishga tushgandan soʻng 30 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Mazkur loyiha yurtimizda qayta tiklanadigan energiyani jadal rivojlantirishni taʼminlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirishda muhim qadam boʻldi. Shu bilan birga, u muqobil energiya samaradorligini oshirish sohasidagi islohotlarning amaliy ifodasi hamdir.

    Gʻolib ABDUSALOMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri