Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Moʻgʻuliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala hamda (videomurojaat), BMTning Savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi Rebeka Grinspan (videomurojaat), Slovakiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Indoneziya, Nikaragua, Tanzaniya va boshqa 182 mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzga chiqdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, bunda Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin oʻrtasidagi yaqin, samimiy va doʻstona munosabatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanishi, oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetgani, yaqin istiqbolda uning hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar va eng muhimi birgalikda rivojlanish uchun xohish borligi maʼlum qilindi.
Oxirgi yillarda Xitoydan Oʻzbekistonga jalb qilinayotgan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar hajmi besh barobar, qoʻshma korxonalar soni esa uch barobar oshdi. Qoʻshma loyihalar portfeli 53 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.
Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatning ochiqligi, investitsion salohiyati yuksalishi, sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ham soʻz yuritildi.
Maʼlum qilinganidek, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirildi.
2030-yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish borasida ish olib borilmoqda.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan turli sohalarda aloqalarni kengaytirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordir.
Forumdan soʻng delegatsiyalar rahbarlari 73 davlat qatnashayotgan koʻrgazma faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, “Made in Uzbekistan” deb nomlangan Oʻzbekiston pavilonida sanoat, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, turizm, IT, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Koʻrgazma joriy yilning 10-noyabriga qadar davom etadi.