Davlatimiz rahbarining sohadagi islohotlar toʻgʻrisida yoʻllagan murojaatida va maktab oʻqituvchilari bilan yuzma-yuz ochiq muloqotida muhim tashabbuslar, qimmatli fikrlar, hayotiy haqiqatlar oʻrtaga tashlandi, qator vazifalar belgilab berildi.
Avvalroq esa, yaʼni yakuniga yetgan 2022-yilning 20-dekabr kuni Yurtboshimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida maktab taʼlimi tizimiga, istiqbolimiz egalari kamoliga alohida urgʻu qaratilgandi. 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlanishi ham soʻzimiz isbotidir. Yoshlar – kelajak bunyodkori, kelajakni ular barpo etadi. Shu maʼnoda, bugun unib-oʻsayotgan har bir oʻgʻil-qiz yurtning ertamiz suyanchi va tayanchidir. Farzandlarimiz har jihatdan yetuk, ilmu salohiyat sohiblari sifatida izchil islohotlarning munosib davomchisi va orzu-umidlarimiz roʻyobchisi boʻlishi taʼlim sifatini taqozo etishi, shubhasiz. Zero, “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki jamiki ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, deya bejiz takror-takror taʼkidlanmayapti.
Muhtaram Prezidentimizning “Birinchi navbatda, eʼtiborni Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratamiz” va “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, degan niyat va iqrorlari xalq taʼlimi sohasining hamma vakillari qatori biz, namanganlik maorifchilar, fidoyi ustoz-muallimlaru murabbiylarga yanada qatʼiyat, shijoat bagʻishladi. Qolaversa, Namangan maktab taʼlimi boʻyicha mintaqaviy markaz sifatida oʻz oʻrnini topayotgani, maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish yuzasidan “Namangan tajribasi” eʼtirof etilgani biz uchun sharaf, ayni paytda ulkan masʼuliyatdir.
Darhaqiqat, bugun taʼlim boshqa sohalar kabi taraqqiyot talablariga hamohang odimlamoqda. Viloyatimiz ham yangi davrga xos yangilanishlarga intilmoqda. Maʼlumki, respublikadagi aksariyat maktablarda Prezidentimiz tashabbusi bilan 1-4-sinflarda Finlandiya tajribasi asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Tajriba uchun viloyatimizda Namangan shahridagi 23-sonli maktab tanlab olinib, uning 8 nafar boshlangʻich sinf hamda 2 nafar malaka oshirish hududiy markazi oʻqituvchilari Toshkent shahridagi Abdulla Avloniy nomidagi markaziy malaka oshirish institutida oʻqitildi. Hozirda Finlandiya tajribasi qoʻllanilayotgan maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilash chorasi koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatdagi taʼlim sifati past hamda olis hududlardagi 34 ta maktabning oʻquvchilari uchun nodavlat oʻquv markazlari tomonidan autsorsing usulida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtish tizimi joriy etilib, mazkur maqsad uchun mahalliy byudjet hisobidan 2,1 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Viloyatimizda pedagog kadrlarning sifat tarkibini yaxshilash, ularning xalqaro darajadagi sertifikatlarga erishish yoʻlidagi harakatlar aslo toʻxtagani yoʻq. Misol uchun, 2022-yilda malaka toifasiga ega oʻqituvchilar salmogʻi ortdi. Xususan, oliy toifa 11 foizga, birinchi toifa 23 foizga yetkazildi.
Aniq raqamlar bilan izohlasak, hisobot yilida viloyatda 19 ming 746 nafar oʻqituvchi malaka toifasini olishga daʼvogarlik qilmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan 2021-yilga nisbatan 46,7 foizga oshganidan dalolat. Shuningdek, hozirda viloyat xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan xorijiy tillar, yaʼni ingliz, nemis, fransuz tili fani oʻqituvchilarining 959 nafari yoki 29 foizi xalqaro IELTS, TKT, Aptis, TESOL, TOEFL va unga mos darajadagi milliy sertifikatlarga ega. Tabiiyki, taʼlimdagi natijalar sifat va samaradorlik bilan baholanadi. Shu jihatdan yondashsak, 2021 – 2022 oʻquv yilida jami 29 ming 997 nafar bitiruvchining 8 ming 199 nafari yoki 27,4 foizi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi. Ayniqsa, 1 ming 100 nafardan ziyod maktab oʻquvchilari mashhur xalqaro oliy oʻquv yurtlariga muddatidan avval oʻqishga kirishga muvaffaq boʻlgani quvonarli, albatta.
Tezkorlik va hushyorlik mujassamlashgan asr, davr shiddati, tarbiya murakkablashuvi tufayli tinimsiz izlanish, taʼsirchan metodik uslublar xususida bosh qotirish, zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal oʻrganish faoliyatimiz bosh mezoniga aylanmogʻi darkor. Bu borada esa oldimizga qoʻygan rejalarimiz bisyor. Jumladan, 2023-yil yakuniga qadar “Uzluksiz kasbiy rivojlantirish” tizimi orqali 8 ming 634 nafar pedagog malakasini oshirishni, “Mobil metodik guruh” koʻmagida taʼlim sifati past boʻlgan 6 ta maktab oʻqituvchilari bilimidagi boʻshliqlarni toʻldirishni, Namangan shahridagi 23-maktabda Finlandiya tajribasini tatbiq etishning 1-bosqichini muvaffaqiyatli bajarishni koʻzlaganmiz.
Viloyatdagi oliy toifali oʻqituvchilarni amaldagi 11,4 foizdan – 15,4 foizga, birinchi toifalilarni 22,8 foizdan – 25,8 foizga yetkazishga kirishdik. Oʻquvchilar salohiyatini yuksaltirish, umumtaʼlim fanlariga doir bilimlarini sinash uchun 9-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “STEAM-fizika, geografiya, kimyo, biologiya va matematika”dan fan olimpiadasini oʻtkazish rejalashtirilgan. Zimmamizda ustuvor vazifalar turibdiki, bitiruvchilarning oliy taʼlimga qamrovida yanada yaxshi natijalarga erishish, nufuzli va xalqaro oliy oʻquv yurtlari bilan integratsiyalashuvni taʼminlash, hamkorlikni kuchaytirish, oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish bilan bogʻliq tashabbuslar qamrovini kengaytirishga ahd qilganmiz.
Ha, Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi. Rivojlanishga tamal toshi sanalmish poydevorni mustahkam qoʻyilsa, baland marralarni zabt etish va dadil qadam tashlashga zamin tugʻiladi. Prezidentimiz Murojaatnomada: “Oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarur”, “Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!”, “Shu bois, 2023-yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni boshlaymiz”, degan chorlovlari faoliyatimiz uchun dasturilamal hisoblanadi.
Oʻz navbatida, barcha maktab jamoalariga yuzlanib: “Jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta oʻrganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday oʻzgaradi? Yangi Oʻzbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining masʼuliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi. Va men ishonaman – siz, jonkuyar oʻqituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar”, deya ishonch bildirdilar.
Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlar haqida yoʻllagan murojaatida va maktab oʻqituvchilari bilan yuzma-yuz ochiq muloqotida uqtirganidek, taʼlimga jiddiy eʼtibor berishimiz, har kuni oʻz ustimizda ishlashimiz shart. Bugun darsliklar oʻzgaryapti. Oʻqituvchilar ham oʻzgarishi kerak. Bugun kechagidek dars berishni qabul qilib boʻlmaydi. Buni ota-onalar ham, oʻquvchilar ham qabul qilmaydi. Ota-onalarning ham masʼuliyatini oshirishimiz kerak. Darvoqe, yuqoridagi tadbirlarning ertasigayoq Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning bir guruh taʼlim vakillari – oʻqituvchilar bilan uchrashuvi va ochiq muloqoti oʻtkazilgani, unda fin tajribasi viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda bittadan maktabda tatbiq etilishi maʼlum qilingani ham masalaning nechogʻli ahamiyatli ekanligini anglatadi.
Anvarjon MAHKAMOV,
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi