“Sharmanda doskasi”ga shaxsning fotosurati va u haqidagi maʼlumotlar joylashtirish inson huquqlariga zid

    Ombudsman Navoiydagi “Sharmanda doskasi” boʻyicha munosabat bildirdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda 2024-yil 7-fevral kuni “Navoiyda “Sharmanda taxtasi” paydo boʻldi” sarlavhali xabar eʼlon qilindi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilangan.

    Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7 moddasiga koʻra, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamaydi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mahallalardagi eʼlon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi maʼlumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi.