Ijtimoiy tarmoqlarda “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi binosi madaniy meros obyektlari roʻyxatidan chiqarilgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Madaniy meros agentligi holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qildi. Avvalroq, 2023-yil 14-oktyabr kuni Madaniy meros agentligi masʼullari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi aʼzolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ xodimlari bilan birgalikda obyektda tarixiy-madaniy ekspertiza oʻtkazilgan.
Ekspertiza xulosalariga koʻra, binoning ayrim boʻlimlari avariya holatida ekanligi, obyektni rekonstruksiya qilish zarurligi aniqlangan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mazkur binoni Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan tarzda tarixiyligini saqlagan holda qurilish taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha topshiriq berilgan.
Shuningdek, agentlik tomonidan Toshkent shahrining modernistik uslubdagi obyektlarini (jumladan, OʻzA binosi) YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun ariza tayyorlandi.
Maʼlumot uchun, ushbu majmua 1914-yildan 1983-yilgacha qurilgan 14 ta bino va inshootdan iborat.