Bugun 16-iyun kuni “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzalidan Toshkent –­ Qarshi – ­Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli “Nasaf” hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli “Sharq” yo‘lovchi poezdlarining harakatlanishi yo‘lga qo‘yildi.

Xabaringiz bor,  dastlab, joriy yilning 18-may kunidan boshlab Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar hamda Farg'ona vodiysiga tezyurar yo‘lovchi poezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yilgan edi. 15-iyun kunidan esa “Toshkent” janubiy temir yo‘l vokzalidan Toshkent – Termiz – Toshkent, Toshkent – Xiva – Toshkent hamda Toshkent – Nukus – Toshkent yo‘nalishida ham qatnovlar qayta tiklandi.

Ma’lumki, ushbu poezdlar karantingacha “Toshkent” janubiy temir yo‘l vokzalidan harakatlanishi amalga oshirib, yo‘lovchilarni o‘z manziliga etkazib qo‘ygan bo‘lsa, endilikda karantin muddati tugagunga qadar bu poezdlar “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzalidan qatnovlarini amalga oshiradi. Bunga sabab esa  “Toshkent” janubiy temir yo‘l  vokzalidan harakatlanadigan poezdlar soni “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzalidagiga qaraganda bir muncha ko‘proq. Shu bois pandemiya davrida yo‘lovchilarni bir joyga yig'maslik, oraliq masofani saqlab, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilinishini ta'minlash maqsadida shu qarorga kelindi.

Harakat jadvaliga ko‘ra Toshkent – Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli “Nasaf” poezdlari har kuni ertalab soat 08:52 da “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzalidan va kunning ikkinchi yarmida, ya'ni soat 17:00 da “Qarshi” temir yo‘l vokzalidan harakatlanadi. Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli “Sharq” poezdlari esa har kuni ertalab soat 09:15 da “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzalidan hamda kunning ikkinchi yarmida, ya'ni soat 16:10 da “Buxoro” temir yo‘l vokzalidan harakatini amalga oshiradi. Ushbu poezdlar poytaxtga qaytib kelganda ham “Toshkent” markaziy temir yo‘l vokzaliga keladi.

Yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik, ular chiptalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz, kassalarga kelmasdan, naqd pul ishlatmasdan, elektron tarzda xarid qilishlari ham mumkin.

Poezdlar yo‘lga chiqishdan oldin depoda hamda manzilga etib borgach yo‘lovchilar vagonlardan to‘liq tushib ketgandan so‘ng dezinfektsiya ishlari amalga oshiriladi. “Vokzal” ma’muriyati tomonidan yo‘lovchilarning vokzalga hamda poezd vagonlariga kirayotganida karantin va sanitariya hamda epidemiologiya qoidalariga qat'iy amal qilishlariga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Dezinfektsiya qurilmalari va teplovizir yordamida har bir yo‘lovchining tana harorati o‘lchanib, bir martalik tibbiy niqob hamda qo‘lqoplar berilayapti.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aktsiyadorlik  jamiyati aktsiyadorlik jamiyati ma'muriyati yo‘lovchilardan karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda avvalo o‘zlarini so‘ng atrofdagilarni pandemiya virusidan saqlash maqsadida karantin va gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi.

Rustam HAYDAROV