Farmonga koʻra, 2021-yil 1-dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi:
- banklarga yetkazilgan mahsulot uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq;
- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarga nisbatan mahsulotlarni yetkazib berish shartnomalarini tuzishda toʻlovni oldindan belgilashga doir talab;
- qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.
- Endilikda, oldindan toʻlov va avans shartnoma taraflarining kelishuviga muvofiq belgilanadi.
Shuningdek, Farmonga koʻra, jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida oʻzaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
➖ sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn auksionda sotuvga qoʻyilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hisobidan auksion gʻolibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi;
➖ xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bogʻliq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar belgilanadi;
➖ yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik toʻlanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka toʻlovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablagʻlarini muzlatib qoʻyish va ularni oʻttiz kalendar kunidan soʻng undirish toʻgʻrisidagi farmoyishni bu haqda toʻlovchini xabardor qilgan holda yuboradi. Bunda mijoz ushbu farmoyishga nisbatan sudga shikoyat qilishga haqli.
➖ kommunal soha, energiya bilan taʼminlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan soʻng isteʼmolchilar bilan tuziladi.
Davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar hamda ularga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kelishuvlar boʻyicha barcha hujjatlar, axborotlar, shuningdek hisobot majburiy ravishda ochiqlanib boriladi.
2022/2023 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish boʻyicha shartnomalar elektron shaklda tuziladi.
Farmonga koʻra, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun shartnomalar namunalari “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga bepul joylashtirib boriladi.