Shavkat Mirziyoyev: Armiya faqat qurol va aslaha bilan emas, ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar bilan qudratlidir

    Hukumat 14 Yanvar 2021 14869

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

    14-yanvar kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni yigʻilganlarni, barcha harbiylarni, ularning oila aʼzolarini bayram bilan muborakbod etdi.

    Marosimda taʼkidlanganidek, oʻz hayotini Vatan himoyasidek muqaddas va masʼuliyatli ishga bagʻishlagan va buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan askar va ofitserlarimiz bizning faxrimiz va gʻururimizdir. Ayniqsa, oʻtgan yili oʻz vazifasini ado etish bilan birga, xalqimiz boshiga tushgan ogʻir sinovlarni mardona yengib oʻtishda ularning xizmatlari nechogʻli katta boʻlganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz mustaqilligini yana-da mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish maqsadida harbiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

    Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardan “xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan muhim gʻoyani ilgari surdi va vaziyat tubdan oʻzgardi.

    Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, boʻlajak Vatan posbonlari – yosh avlod uchun hamisha ochiq boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Istiqlol gʻoyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirishga katta eʼtibor berilmoqda. Askar va ofitserlarning zamonaviy bilim olishi, harbiy texnika va texnologiyalarni mukammal egallashi, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bosh maqsad etib belgilangan.

    – Armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir, – deya taʼkidladi Prezident. – Armiyamizning imkoniyatlari va jangovar salohiyatini belgilaydigan asosiy omil mana shu, desam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrga qoʻshilasiz.

    Marosimda bugun dunyoning turli nuqtalarida tinchlik va osoyishtalikka tahdid va xatarlar, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yuz berayotgani qayd etildi. Bunday holatlar butun insoniyat qatori xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiy. Ushbu xavflarga munosib qarshi tura olish uchun insonda chinakam vatanparvarlik, yuksak bilim va tafakkur, metin iroda boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

    – Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz: “Askarlari botir el qudratli boʻlur”, deganlarida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan edilar. Men har bir askar, Vatanning har bir posboni Amir Temur va ulugʻ lashkarboshilarimiz oʻgitlarini, ularning harbiy merosini chuqur bilishi kerak, deb qayta-qayta taʼkidlab kelaman. Bu oʻlmas va bebaho meros hozirgi kunda ham har birimizning qalbimizga cheksiz gʻurur baxsh etadi, muqaddas tuprogʻimizga sadoqat tuygʻularini kuchaytiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezidentimiz yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan jasur harbiylarni ana shunday ajdodlarimizning chinakam vorislari, deb atadi.

    Marosimda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, bojxona tizimi va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.

    Oliy Bosh Qoʻmondon yigʻilganlar timsolida bugun joylarda yuksak davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha harbiy xizmatchilarni samimiy tabrikladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.

    Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor, harbiylar va ularning oila aʼzolari qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.