Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatovda qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 21 Sentabr 2021 6282

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni Bo‘zatov tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvni nomzodning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili A.Daniyarov ochdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

    - Saylovoldi uchrashuvlarimni eng avvalo Qoraqalpog‘iston diyoridan boshlayotganim bejiz emas. Ilgari ham aytganman, bugun ham katta mamnuniyat bilan takrorlayman – men o‘zimni qoraqalpoq xalqining ham farzandi deb bilaman, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Nomzodning dasturi barcha sohalarni qamrab olgan o‘nta ustuvor yo‘nalishdan iborat. Jumladan, ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak orqali kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, ta’lim sifatini kuchaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, xalqchil va insonparvar davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-ma’naviy sohalarni yuksaltirish bo‘yicha rejalar begilangan.

    Oxirgi besh yilda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod 2 ming 500 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Kichik biznes sub’ektlari soni 2 barobar ko‘payib, qariyb 21 mingtaga yetgan. Shu davrda 83 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratilgan.

    Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan dasturini ham bayon etdi. Xususan, iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik uchun qulay infratuzilma yaratish, aholi va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash, ekologiyani yaxshilash bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi.

    - Biz saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan har bir masala haqida chuqur va atroflicha fikr yuritib, puxta tahlil qilib, ularni ro‘yobga chiqarishning aniq choralarini belgilab olganmiz. bugungi uchrashuvimizda qoraqalpog‘istonlik tajribali rahbarlar, oddiy xalq hayotini yaxshi biladigan insonlar, hurmatli oqsoqollar bilan maslahatlashib, bildirilgan takliflar asosida dasturimizni yanada boyitishni maqsad qilganmiz, - dedi davlat rahbari.

    Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.