Dasturda 25-yanvar kuni boʻlib oʻtgan sanoat va logistika sohasida umumiy qiymati 8,6 trillion soʻmga teng investitsion loyihalarning taqdimotiga oid kadrlar namoyish etilgan. Oʻshanda Prezident oqartirilgan tunuka (280 million yevro), yuqori sifatli sement (2,1 trillion soʻm), muzlatgich, sovutgich va konditsionerlar uchun germetik kompressorlar ishlab chiqarish (735 milliard soʻm) va boshqa loyihalar bilan tanishgandi.

Germetik kompressorlarni ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishish vaqtida Prezident investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Shuxrat Vafoyevga loyihaning amalga oshirilish muddati yuzasidan eʼtiroz bildirgan.

“Loyihaning boshlanish muddati notoʻgʻri. Juda choʻzib yuborgansan. Loyihani amalga oshirishni boshlash — 2021-yil 1-iyun. Bu boʻlmaydi, eski usul bu. Bir hafta ichida hammani oyoqqa turgʻazishing kerak. Bu deganing dekabrga boradi. Mart oxiriga qadar boshlanglar. Yana ikki oy bor, odamlaring bor. Bu tayyor loyiha, buning hech qiyin joyi yoʻq. Choʻzish nega kerak?”, — deya savol bergan Prezident.

Masʼul shaxslar loyihani tezlashtirishga vaʼda bergan.

Umuman olganda davlat rahbari Toshkent uchun taklif etilayotgan sanoat va logistika loyihalarini maʼqullagan. Biroq Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga alohida murojaat qilib, shahar ichidagi qurilish ishlarini tanqid qilgan.

“Men Toshkentda 4—5 yil ishlaganman ogʻayni. Bu yerga 120 millimetrli kichkinagina kanalizatsiya qoʻyganmiz (Prezident truba diametrini qoʻli bilan koʻrsatgan — tahr.)… Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan. Biz kanalizatsiya nasosini qurishimiz kerakmi yoki yoʻq? Trubalarni kuchaytirishimiz kerakmi? Maktablarchi? Bogʻchalarchi?”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Prezidentning asosiy topshirigʻi — loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan oʻtkazish, bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etish, investitsiya loyihalarining tayyorlanishi va baholab borish, quyi boʻgʻindagi mutaxassislarga koʻmaklashishdan iborat.