Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini koʻrsatdi

    Davlatimiz rahbari bu masalani atroflicha oʻylab, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini koʻrsatishga qaror qilganini aytdi.

    Prezident Yangi Oʻzbekistonimiz yangi parlamenti bilan birga oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qoʻyayotganini taʼkidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab boʻlmasligi qayd etildi.

    Shu bois Hukumat oʻz faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, yaʼni, Bosh vazir zarur.

    Davlatimiz rahbari bu masalani atroflicha oʻylab, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini koʻrsatishga qaror qilganini aytdi.
    Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega boʻlgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, masʼuliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani taʼkidlandi.

    Ushbu nomzod bugun Hukumat oldiga qoʻyilgan, koʻlami va miqyosi benihoya katta boʻlgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, Hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi.

    Prezidentimiz Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.