Shavkat Mirziyoyevning joriy haftadagi ish jadvali maʼlum qilindi

    Hukumat 31 Oktabr 2022 3918

    Joriy hafta ham davlat rahbari ishtirokida koʻplab uchrashuv va tadbirlar boʻlib oʻtadi.

    Bugun ertalab Prezidentimizga Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qoʻllab quvvatlash masalasida hisobot berdi.

    Kunning ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.

    Shuningdek, mazkur hafta davomida:

    - iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini oʻrganish natijalari yuzasidan muhokama;

    -mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis;

    - odil sudlovni taʼminlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

    Alohida qayd etib oʻtish lozim boshlangan hafta tashqi siyosiy masalalarda ham qator tadbirlar bor.

    1-noyabr kuni Prezidentimiz Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladilar. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar istiqboli, savdo-iqtisodiy yoʻnalishlardagi hamkorlik muhokama qilinadi va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

    3-noyabr kuni esa, Davlat rahbarining BAA hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.