Prezidentning “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasiga takliflarni tasdiqlash masalasiga bagʻishlangan sessiyada deputatlar, taʼlim sohasi mutasaddilari va faxriylari, OAV vakillari va oʻquvchilarning ota-onalari qatnashdi.
Sessiya ishida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat hokimining oʻrinbosari Faxriddin Matkarimov, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Vahobjon Rajabov, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Hilola Yusupova, Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turgʻunov va soha faxriysi Dilshoda Dadajanovaning chiqishlari tinglandi.
Deputatlar, jurnalistlar va blogerlar maktab oʻquvchilarini ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqindan bogʻlash, sinflardagi oʻquvchilar sonini cheklash, maktab bitiruvchilari klublarini tashkil etish, darsliklar saviyasi, taʼlim yoʻnalishini bitirayotganlar bandligini taʼminlash kabi koʻplab mavzularda savol va takliflarini bildirishdi.
Prezident farmoni loyihasiga takliflar yuzasidan shahar-tumanlarda sessiyalar boʻlib oʻtgani, joylardan 170 dan ortiq takliflar kelib tushgani maʼlum qilindi. Viloyat hokimi ushbu takliflarning barchasini koʻrib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborish zarurligini taʼkidladi. Takliflar ilgari surish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻygan Namangan shahri, Yangiqoʻrgʻon va Norin tumani mutasaddilarini tanqid qildi.
—Farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasi juda katta va muhim masala. Prezidentimiz bejizga Uchinchi Renessans poydevori taʼlim bilan koʻtarilishiga urgʻu bermadilar. Shunday ekan, bu sohaga befarq boʻlishga, sustkashlikka yoʻl qoʻyishga haqqimiz yoʻq, — dedi Shavkatjon Abdurazzaqov.
Sessiyada koʻrilgan masala yuzasidan Xalq deputatlari viloyat kengashining qarori qabul qilindi.