Yarim tun boʻlishiga qaramasdan qahramonlarimizni kutib olish uchun koʻplab OAV, muxlislar va shaxmatchimizning yaqinlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida jam boʻlishdi.

Yosh shaxmatchimiz oʻz intervyusida bunday yuksak natijalar Prezidentimizning yoshlarga yaratib berayotgan keng imkoniyatlari va qoʻllab-quvvatlashi bilan qoʻlga kiritilayotganini alohida taʼkidlab, kelgusida klassik yoʻnalishda jahon tojini kiyish niyatida ekanini bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov rapid dasturida Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy kabi jahon shaxmat ustalarini magʻlub etib, ushbu yoʻnalishda chempionlikni qoʻlga kiritgan dunyoning eng yosh grossmeysteriga aylandi. Shuningdek, mazkur musobaqada yana 3 nafar vakilimiz ham ishtirok etib, kuchlilar qatorida eʼtirof etilgan.