Qayd etilishicha, umumiy mukofot jamgʻarmasi 680 ming AQSH dollaridan iborat boʻlgan turnirda ishtirokchilar tezkor shaxmatda bahslashmoqda. Har bir oʻyin uchun 10 daqiqa va 10 soniyalik qoʻshimcha vaqt belgilangan boʻlib, keyingi bosqichga yoʻl olgan 8 nafar shaxmatchi bosh sovrin uchun pley-off bosqichida kurash olib boradi.

Birinchi kungi musobaqalar davomida oʻtkazilgan 36 ta oʻyinning oltitasigina durang bilan yakunlandi.

Bugun ikkinchi kungi hal qiluvchi bahslarda Abdusattorov Magnus Karlsen, Gukesh Dommaraju, Xikaru Nakamura, Arjun Erigaisi, Rameshbabu Praggnanandxa bilan kuch sinashadi.

14-aprelga qadar davom etadigan xalqaro turnirda gʻoliblikka erishgan shaxmatchi 200 ming AQSH dollariga ega chiqadi. Bahslarda ishtirok etayotgan 12 nafar shaxmatchining barchasi koʻrsatgan natijasiga qarab mukofot jamgʻarmasidan tegishli summani qoʻlga kiritadi.