Shaxsga doir maʼlumotlar onlayn koʻrsatilganda asl nusxasiga tenglashtiriladi

    2025-yil 1-noyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi.

    Bu haqda Prezidentning “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–157-son, 08.09.2025-y.)da belgilangan.

    Bunda:

    • jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir maʼlumotlari ularning qogʻoz shakliga tenglashtiriladi;
    • ushbu maʼlumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda koʻrsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur maʼlumotlarning qogʻoz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

    Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan:

    • davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish boʻyicha imtiyoz beriladi;
    • jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) roʻyxatdan oʻtkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yoʻlga qoʻyiladi;
    • davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari boʻyicha aholi va tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi.