Oʻz navbatida, bu ularni davlat hayotining turli sohalarida qoʻllash uchun keng imkoniyatlar ochib beradi. Shu bilan birga, axborotlashtirish jarayonlarining global xarakterga ega ekanligi nafaqat inson salohiyatining oʻsishini belgilaydi, balki xavfsizlikka tahdidlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Global axborot jamiyatining shakllanishi davrida yuzaga kelgan tahdidlarga qarshi turish zamonaviy dunyoning barqaror rivojlanishining strategik muammolariga taʼsir koʻrsatadigan asosiy masalalardan biriga aylanib bormoqda va ularni hal qilish faqat xalqaro hamjamiyat aʼzolari birlashgan saʼy-harakatlar bilan amalga oshirilishi oydinlashmoqda.
Bunday sharoitda axborot muhitida inson huquq va erkinliklari hamda shaxsga oid maʼlumotlarni himoya qilish masalasi kun tartibiga chiqib kelmoqda. Davlat tomonidan jinoyatchilik va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi kurash choralari zamirida fuqarolarning huquq va erkinliklarini, Internetdagi maʼlumotlarga ega boʻlishlarini cheklamaslik zarur. Bu esa muvozanatli va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab etiladi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) rahbarlarining 2019 va 2020-yillarda boʻlib oʻtgan sammitlarida bu sohaga alohida eʼtibor qaratish va Hamdoʻstlik doirasida axborot xavfsizligi boʻyicha xalqaro ekspertlar forumi oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.
Uning amaliy natijasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi masʼul tashkilotlari tomonidan joriy yilning 29-iyun kuni axborot xavfsizligi masalalari boʻyicha MDH Xalqaro ekspertlar forumi oʻtkazilmoqda.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri xalqaro axborot xavfsizligining dolzarb muammolari va ularni hal etish yoʻllarini muhokama qilish, axborot makonida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish boʻyicha ekspert tavsiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur yoʻnalishda inson huquq va erkinliklari hamda shaxsga oid maʼlumotlarni himoya qilish masalasini alohida eʼtirof etish zarur. Boisi, bugungi kunda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya xizmatlarining jamiyat hayotiga keng tatbiq etilishi oqibatida, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari va internet messenjerlarida shaxsga oid maʼlumotlarni uning roziligisiz olinishi hamda tarqatilishiga har qadamda guvoh boʻlayapmiz.
Bundan tashqari, internet messenjerlarda, saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchi akkauntini qayd etish, guruhlar yoki kanallar tashkil etishda shaxsga doir maʼlumotlardan, yaʼni shaxsning fotosurati, ism-sharifi, ish joyi, lavozimi va boshqalardan uning roziligisiz foydalanish va tarqatilishi holatlari keskin koʻpayib ketayotganligi kuzatilmoqda. Buning natijasida koʻplab internet foydalanuvchilari oʻz shaxsiy hayotiga va shaxsiga oid maʼlumotlar tarqatilishiga oid huquqbuzarliklardan jabr koʻrmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida ham bu borada muhim qadamlar tashlanmoqda, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmoqda. Xususan, 2019-yilda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Eʼtiborli jihati, bu qonunda inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi, maxfiyligi va himoya qilinganligi, subyektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi, shaxs, jamiyat hamda davlatning xavfsizligi asosiy prinsiplar sifatida mustahkamlangan.
Mazkur Qonunga koʻra, jismoniy shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti, tugʻilgan joyi, vaqtincha yoki doimiy yashash joyi, oilasi, ijtimoiy holati, maʼlumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi, mulkiy holati, telefon raqamlari, fotosurati, elektron pochta manzili, biometrik va genetik maʼlumotlar hamda boshqa maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, Qonunda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish mexanizmlari aniq belgilanishi, maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻrishni nazarda tutadi. Bu subyektning oʻz shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, maxfiyligiga rioya etilishini, qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini taʼminlaydi.
Eng asosiysi, Qonunda bunday maʼlumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalariga kiritish uchun subyektning yozma roziligini olish, shuningdek subyektning shaxsga doir maʼlumotlarini hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalardan uning murojaatiga koʻra chiqarib tashlash koʻrsatilgan.
Shaxsga oid maʼlumotlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga misol qilib, uyali aloqa kompaniyalarining abonent raqamlarini dilerlar tomonidan rasmiylashtirishda va uyali aloqa vositalarini UZIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtishida ayrim nopok tadbirkorlar tomonidan turli yoʻllar bilan qoʻlga kiritilgan fuqarolik pasporti maʼlumotlaridan foydalanish holatlari koʻplab kuzatilmoqda. Shuningdek, bugun shaxsga oid maʼlumotlarning noqonuniy savdosi uyushgan jinoyatchilikning elementlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shaxsga doir maʼlumotlar bilan ishlovchi jismoniy yoki yuridik shaxslar yaʼni, uyali aloqa operatorlarining dilerlari, aviakassalar, turistik agentliklar, mexmonxonalar, xususiy klinikalar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa tadbirkorlik subyektlari hamda davlat tashkilotlarida ishlovchi shaxslar tomonidan maʼlumotlarni moddiy mablagʻ evaziga sotish holatlari, yaʼni “maʼlumotlar qora bozori” yuzaga kelgani ham kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, internet tarmogʻida xakerlar tomonidan yaratilgan, shaxsga oid maʼlumotlarni oʻgʻirlashga qaratilgan Windows, MacOS, Linux, Unix, Android, IOS va boshqa shu kabi dasturiy tizimlar muhitida ishlovchi ilovalar hamda niqoblangan elektron dasturlar tarqatilmoqda.
Internet foydalanuvchilari zararli dasturlarni oʻyinlar, qoʻllanmalar, fotosuratlar, elektron hujjatlar, elektron xatlar va boshqa koʻrinishlarda qabul qilib olishadi va natijada shaxsga oid deb qaralayotgan abonentlar kontakt roʻyxati, kirish va chiqish qoʻngʻiroqlar tarixi, akkauntlarga tegishli parollar, bank hisob raqamlari, bank kredit/debit kartalari maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar zararli dastur muallifiga yashirin tarzda yuboriladi.
Mazkur muammoning tobora global xarakterga ega boʻlib borishi uni axborot xavfsizligi masalalari boʻyicha MDH Xalqaro ekspertlar forumida kengroq muhokama qilish hamda muvozanatli yechim yoʻllarini topishga zamin yaratishi mumkin.
Shu oʻrinda alohida qayd etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, xususan, Forumni oʻtkazish gʻoyasi oʻz-oʻzidan emas, balki dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi va hayotning barcha sohalariga kirib kelishi bilan bogʻliq jarayonlarni aniq tushunishga asoslanganidan darak beradi.
Ichki ishlar vazirligi