Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 7-aprel kuni Toshkent tumanidagi uylarning birida noqonuniy boqilayotgan sher bolasi soat 17:30 larda onasi va homilador yangasi bilan doʻkonga sut olish uchun chiqqan bolakayga hujum qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Maʼlum boʻlishicha, toʻsatdan orqa tomondan kelib tashlangan yirtqich bolaning bosh va yelka qismini tishlay boshlagan. Ona farzandini sher ogʻzidan qutqarib qolgan. Voqea kechki payt, sherning egalari jonivorni uydan tashqariga aylantirish uchun olib chiqqan paytda yuz bergan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida davolanayotgan bolaning ahvoli haqida quyidagilarni maʼlum qiladi:
7-aprel kuni soat 18:40lar atrofida mazkur shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya boʻlimi qabulxonasiga 2019-yilda tugʻilgan bemor S.M. ota-onasi bilan birgalikda murojaat qilgan.
Navbatchi shifokor koʻrigidan soʻng u “Boshning tepa sohasida, oʻng yelkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar“ tashxisi bilan statsionar davolanish uchun yotqizilgan.
— Travmatologiya va neyroxirurgiya boʻlimida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar oʻtkazildi, — deydi muassasa bosh shifokori D.Sabirov. —Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qoʻllanilib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi.
Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli oʻrta ogʻirlikda baholangan. Hushi joyida boʻlsa-da, bezovta va qoʻrquv alomatlari koʻzga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.
Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevrapatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.
Shuningdek, unda qoʻshimcha tarzda yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi belgilari boʻlgani uchun koʻkrak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi oʻtkazilgan. Pediatr tomonidan “Oʻtkir respirator infeksiya. Faringobronxit” tashxisi qoʻyilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik boʻlimiga oʻtkazilgan.
Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya boʻlimi boshligʻi Ismat Nigʻmatov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris Gʻaniyev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda.