Sherzod Asadov “Chimildiq“ filmining ochiq premyerasida qatnashdi

    Madaniyat 20 Aprel 2025 1043

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Mening yurtim” telekanali direktori Qobuljon Ahmedovning taklifiga binoan “Chimildiq“ filmining ochiq premyerasida qatnashdi.

    Filmda barchamiz oilani muqaddas bilishimiz, uni asrab-avaylashimiz kerakligi kabi muhim mavzular komediya orqali zamonaviy, barchaga tushunarli tilda, yorqin obrazlar orqali yoritilgan ekan. Yoshlarimiz haqida, oilaviy tomosha uchun yaxshi film boʻlibdi. Zal tomoshabinlarga toʻlgan, bir yarim soat vaqt koʻz ochib yumgudek oʻtib ketdi, — deb yozadi Prezident matbuot kotibi.

    Davlatimiz bu sohaga qaratayotgan eʼtibor natijasida tomoshabinga qiziqarli boʻlibgina qolmay, qadriyatlarimizni tarannum etadigan milliy kontent koʻpayib borayotgani xursand qiladi. Eʼtiborli jihati, ushbu film rus, qozoq va ozar tillariga professional dublyaj qilinib, Qozogʻiston va Ozarbayjonning yirik kinoteatr tarmoqlarida ham namoyish etila boshlangan ekan. Bu ham, oʻylaymanki, kinematografimizning muhim yutugʻi.

    Qolaversa, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni asrash, jamiyatimizning eng muhim boʻgʻini boʻlmish oilani mustahkamlash — davlat siyosatining ajralmas yoʻnalishi. “Chimildiq“dek filmlar bu jarayonga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonaman, — deydi u.

    Prezidentimiz aytganlaridek, davlat xizmatchilari vaqt ajratib, oila aʼzolari, hamkasblari bilan birgalikda teatr va kinoga tez-tez borib turishlari kerak. Bu nafaqat hordiq chiqarish, balki bugungi hayotimiz, jamiyatimizdagi oʻzgarishlar va insoniy qadriyatlarni yaxshiroq anglash imkonini beradi, — deb yozadi Sherzod Asadov oʻzining Telegram kanalida.