Koreya Respublikasi delegatsiyasi tarkibidan xalqaro soliq solish masalalari, komplayens-nazorat va xalqaro shartnomalarni tartibga solish boʻyicha yetakchi ekspertlar oʻrin olgan.

Uchrashuvda Covid-19 pandemiyasi davrida ikki mamlakat soliq idoralari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va soliq maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar oʻz mamlakatlarida soliq sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, xususan, soliq maʼmuriyatiga raqamli texnologiyalar joriy etilgandan keyingi yutuqlar bilan tanishtirdilar. Ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro aloqalar, shuningdek mavjud tajribalarni hisobga olgan holda kelgusidagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Axborot taʼminoti va kadrlar tayyorlash sohasi ham diqqat markazida boʻldi.

Koreya Respublikasi Milliy soliq xizmati rahbari Kim Daeji Oʻzbekiston davlat soliq organlari erishgan yutuqlarni yuqori baholadi va sohada olib borilayotgan transformatsiya soliq maʼmuriyatchiligini yana-da optimallashtirishga va soliq toʻlovchilar ishonchini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz ekanligini taʼkidladi.

Tashrifi doirasida mehmonlarga Davlat soliq qoʻmitasi Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamentining yangilangan boʻlimlari, joriy yil oxirida tatbiq etilishi rejalashtirilgan mahalliy zamonaviy dasturiy taʼminot ishlanmalarining taqdimoti namoyish etildi.