IT Parkda boʻlib oʻtgan bugungi uchrashuvda dastlab, Oʻzbekistonda IT Park tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida taqdimot oʻtkazildi.

Shundan soʻng mamlakatda raqamli iqtisodiyotning oʻrnini yanada oshirish, IT sohalarida hamkorlik qilish va Yevropa mamlakatlariga masofaviy xizmatlar koʻrsatish sohalarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.

Oʻz navbatida, muzokaralar chogʻida oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Yevropa Ittifoqi tuzilmalari bilan iqtisodiyot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, mehmonlarga IT Park binosi faoliyati va u yerda qad rostlagan binolar tanishtirildi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Oʻzbekistonda bu kabi oʻzgarishlar va IT sohasiga qaratilayotgan eʼtiborni yuksak baholadi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.