Milliy jamoa bilan ishlash imkoniyatini taqdim etgani uchun prezident va UFA rahbariyatidan minnatdorman. Har bir futbolchiga, jamoa hayotida ishtirok etgan har bir kishiga rahmat». 

Futbol boʻyicha Ukraina milliy termasi bosh murabbiyi Andrey Shevchenko kuni kecha Ukraina futbol assotsiatsiyasi va oʻzi oʻrtasida tuzilgan shartnoma muddati tugaganini maʼlum qilib, yuqoridagi fikrlarni bildirgan edi.

Bugun esa mamlakatda chop etiladigan «Obozravatel» nashri bosh murabbiyning milliy terma bilan shartnoma muddatini davom ettirmasligiga boshqa sabab borligini bildirdi.

Nashrning yozishicha, 44 yoshli Shevchenko murabbiylar shtabi uchun yiliga 3 million dollar maosh soʻragan. Ukraina FA esa 1,5 mln dollardan ortiq bera olmasligini bildirgan. Shu bois  bosh murabbiy shartnomani davom ettirmaslikni lozim topgan.

Eslatib oʻtamiz, Ukraina termasi Yevro-2020da chorak finalga chiqqani uchun assotsiatsiyaga 16 million yevro mukofot olib kelgan.