SHHT aʼzo davlatlari ekspertlari yigʻilishi oʻtkazildi

    Dolzarb 2 Sentabr 2021 762

    Joriy yilning 2-sentyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlarning ekspertlari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlaridan ishtirok etgan ekspertlar SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining ilm-fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha murojaati loyihasini muhokama qildilar.

    Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilmiy va innovatsion faoliyatga oid dasturlarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshligʻi Sh.Otajonov ishtirok etdi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligining SHHT doirasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni kengaytirishga oid takliflari, xususan hamkorlikda Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.

    Yigʻilishda SHHTga aʼzo davlatlar Rahbarlarining ilm-fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha murojaati loyihasining yakuniy varianti kelishildi va SHHT Kotibiyatiga ushbu loyihani SHHTga aʼzo davlatlar Rahbarlarining navbatdagi majlisiga belgilangan tartibda kiritish tavsiya etildi. Yigʻilish yakuni boʻyicha bayon qabul qilindi.