ShHT doirasidagi hamkorlik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot kafolatidir

    Fikr 14 Sentabr 2022 976

    Davlatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va birdamlikning ahamiyati kundan kunga oshib bormoqda.

    Ayniqsa, dunyo miqyosida tarqalib borayotgan turli kasallik, maʼlum bir terror guruhlarining harakatlari, moddiy resurslarning tanqisligiyu ekologik muhitning keskin oʻzgarishiga yechim topish yanada davlatlararo jipslashuvni talab etadi.

    Xalqaro tashkilotlarga aʼzolik va davlat oʻrtasidagi kelishuv hamda shartnomalar, ijtimoiy sheriklikning xalqaro formatiga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida taʼkidlanganidek “Bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikdir”.

    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, SHHT mamlakatlari aholisi sayyoramiz aholisining yarmini tashkil qiladi va bugungi kunda tashkilot nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni oʻrnatishda, balki transport, “yashil” energiya, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surishda katta rol oʻynaydi.

    Keyingi bir necha yil ichida Oʻzbekiston bilan SHHT oʻrtasidagi hamkorlik sifat darajasiga koʻtarildi, respublika tashkilot doirasida koʻp tomonlama munosabatlarni keng rivojlantirmoqda. Oxirgi besh yil ichida Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga nisbatan munosabati konstruktiv jihatdan oʻzgardi. Buni esa quyidagilarda koʻrishimiz mumkin.

    Eng avvalo, Toshkent SHHTning barcha sohalaridagi hamkorlik jarayonida faol ishtirok etmoqda. Masalan, 2017-yilgacha respublika vakillari tashkilotning xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ayrim tadbirlarida, xususan, qoʻshma harbiy va aksilterror mashgʻulotlarida, shuningdek, ayrim madaniy-maʼrifiy dasturlarda toʻliq ishtirok etmagan.

    Ayni paytda mamlakatimiz nafaqat tuzilma doirasidagi turli yoʻnalishlar rivojiga taʼsir koʻrsatmoqda, balki SHHTga aʼzo boshqa davlatlar tomonidan ilgari surilayotgan umumiy dolzarb manfaatlarga javob beradigan takliflarni ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Ikkinchidan, Oʻzbekiston tashqi siyosatining boshqa koʻp tomonlama diplomatik platformalarda ham oʻz ifodasini topgan pragmatizmi SHHTda ishtirok etishiga ham tegishli. Jumladan, davlatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini oʻzida aks ettirib, hududni barqaror rivojlantirishga qaratilgan asosiy vazifalarga toʻla mos keladi. Shu bois ushbu tashabbuslar tashkilotning barcha aʼzolari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Soʻngi paytlarda davlatimiz rahbari tomonidan SHHTning ulkan salohiyatini inobatga olib, amaliy nuqtayi nazardan transport, logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi muhim sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlanib kelinmoqda. Yaʼni, tashkilotning muhim yoʻnalishlar boʻyicha faoliyatini kuchaytirish va kun tartibini yangi dolzarb yoʻnalishlar orqali boyitish istagi Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan aniq va keng koʻlamli tashabbuslarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.

    Jumladan, 2017-2021-yillarda yurtboshimiz tomonidan SHHT sammitlarida 50 ga yaqin muhim va dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan. Bu juda yuqori koʻrsatkich boʻlib, eng muhimi, mazkur takliflar “yoʻl xaritalari”, meʼyoriy-huquqiy, siyosiy va konseptual hujjatlar hamda hamkorlikning yangi mexanizmi shaklida izchillik bilan tatbiq etilmoqda.

    Oʻzbekistonning SHHTga raisligida qabul qilinadigan asosiy tadbirlar va hujjatlar yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati, ustuvor maqsad va vazifalarini keng namoyish etish va targʻib etishga qaratilgan.

    Oʻzbekistonning SHHTga raisligining asosiy yakunlari hozirda Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan sammitda sarhisob qilinadi. Sammit, shubhasiz, yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi va tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yoʻlidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi.

    Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan faol, ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat ushbu sammit doirasida muhim qarorlar va hujjatlarni qabul qilish uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu bilan birga Shanxay Hamkorlik Tashkilotini avvaldan aʼzo davlatlarning mustahkam oʻzaro ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi hamkorligining maskani deyishimiz mumkin. Ushbu maskanning davomiyligini taʼminlashda aʼzolarning sadoqati va ixtiloflardan qochishga urinish kabi sifatlari koʻp tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlari shaklida namoyon boʻladi degan umiddamiz.

    B.Bahodirov,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

    Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutining

    Milliy gʻoya va maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini

    metodik taʼminlash boʻlimi

    Kichik ilmiy xodimi