Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning rolini oshirish masalalarini muhokama qilish, tajriba almashish va jamiyatda ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ularning ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, SHHT mamlakatlarida ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’minlash borasida qonunchilik normalarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va o‘rganishdir.

Tadbirda ishtirokchilar O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladilar. Respublikada 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangan, xotin-qizlarning mavqeini oshirish bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani, ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, bandligini ta’minlash va xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan davlat tomonidan himoya qilish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Ishtirokchilar SHHTga a’zo mamlakatlar hukumatlarining izchil tashabbuslari, xotin-qizlar tashkilotlari va yoshlar harakatlarining faol ishtiroki tufayli xotin-qizlar hamkorligi, shu jumladan, muntazam o‘tkaziladigan SHHT ayollar forumlarida faollashayotganini ta’kidladi.

Konferensiyada xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimi faoliyatiga doir davlat siyosati va qonunchilik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni yanada chuqurlashtirishga e’tibor qaratildi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida SHHTga a’zo mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va innovasion yondashuvlaridan keng foydalanish bu yo‘nalishda muhim poydevor bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda xotin-qizlarning rolini oshirish bo‘yicha tajriba almashildi, erishilgan natijalar to‘g‘risida, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish va gender tenglikni ta’minlash masalalari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Tadbirda ekspertlar ko‘magida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ishtiroki bo‘yicha xorijiy tajriba tahlil qilindi. Xotin-qizlarning teng huquqliligi, ularning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda har tomonlama ishtirok etishi SHHTga a’zo mamlakatlar hukumatlari tomonidan mamlakatlarni iqtisodiy rivojlantirish, SHHT davlatlarida jamiyatni demokratlashtirish va barqarorligini ta’minlashning ustuvor shartlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ayollar yetakchiligi va tadbirkorligini samarali rag‘batlantirish, barqaror muloqotni ta’minlash, SHHT makonidagi hamkorlik qilish bo‘yicha yangi loyiha va dasturlarni tayyorlash uchun asos bo‘ladigan tegishli tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.