Joriy yilning 15–30-iyul kunlari mazkur rassomlarning yurtimiz bo‘ylab sayohatlari ham tashkil etildi. Jumladan, rassomlar Buxoro va Jizzax viloyatlariga sayohat qilishdi.
Dastlab, 21–22-iyul kunlari 14 nafar xorijlik rassomdan iborat ijodiy guruh Buxoroda bo‘ldi. Sayohat davomida rassomlar Buxoroning eski shahar qismi va hunarmandchilik markazlarida bo‘lib, qadimiy madaniy meros obektlarini ko‘zdan kechirishdi.
25-iyul kuni esa ijodiy guruh Zomin tumaniga tashrif buyurdi. Rassomlar Zominda “Kelajak Kasblar” maktabi, Xotira maydoni, Nuroniylar maskani, "Ma’rifatli" jome masjidi kabi bir qator maskanlar bilan tanishishdi.
Zominning go‘zal tabiati va tog‘ manzaralari ijodiy guruhda ijobiy taassurot qoldirdi.
— Tog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanimizda ham yo‘llarning ravonligi bizga juda ma’qul keldi. Bu yerda sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — dedi Tojikiston davlatidan kelgan rassom Farrux Negmatzade. — Zominning betakror tabiati, zilol suvlari, go‘zal archalari kayfiyatimizga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Ma’lumot uchun, xorijlik rassomlar tomonidan yaratilgan yurtimizning betakror qadamjolari suratlari SHHT sammiti doirasidagi ko‘rgazmada namoyish etiladi.