SHHTga aʼzo davlatlar tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun masʼul vazirlarining 21-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Sentabr 2022 1510

    2022-yil 28-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari X.F.Teshaboyev boshchiligidagi delegatsiya SHHTga aʼzo davlatlar tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun masʼul vazirlarining 21-yigʻilishida ishtirok etdi.

    Tomonlar SHHT doirasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan savdo va investitsiya tartib-taomillarini liberallashtirish va yengillashtirish, koʻp tomonlama savdo tizimi, ishlab chiqarish va yetkazib berish uzluksizligi, raqamli iqtisodiyot, mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik va boshqa sohalar yuzasidan fikr almashdilar.

    Oʻzbek tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari tomonidan SHHT sammitida bildirilgan tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdi. Ushbu tashabbuslar Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha SHHTga aʼzo davlatlarning tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun masʼul vazirlarining Koʻp tomonlama savdo tizimini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bayonoti qabul qilindi. Shu bilan birga SHHTga aʼzo davlatlarning tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun masʼul vazirlik va idoralari oʻrtasida taʼminot zanjirlari sohasida hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi.

    Tomonlar SHHTga aʼzo davlatlarning iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan ishlarni davom ettirish, shuningdek, SHHTning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikka oid tegishli hujjatlari ustida ishlashni faollashtirish niyatlarini bir ovozdan tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.