ShHTga aʼzo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum imzolandi

    Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy-tarixiy aloqalarni mustahkamlash hamda muzey ishining eng yaxshi anʼanalarini saqlab qolish maqsadida SHHTga aʼzo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum imzolandi.

    “Mazkur memorandum shunisi bilan muhimki, — deydi Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Botir Shahriyorov. — Unga koʻra, SHHT davlatlari muzey ishi sohasida, madaniy-taʼlim va koʻrgazmalar almashinuvi borasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishi koʻzda tutilgan”.

    Botir Shahriyorov muzeylar ichki va tashqi turizm rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi:

    “Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi yangi muzeylar sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shuningdek, joriy yilning 26-aprelida boʻlib oʻtgan yigʻilishda muzeylarni zamonaviy koʻrinishda qayta taʼmirlash, muzeylardagi eksponatlarni restavratsiya qilish haqida topshiriq bergandi. Kuni kecha oʻtkazilgan yigʻilishda ham turistik obyektlarning holatini yanada yaxshilash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu bejizga emas, albatta. Negaki turistik obyektlar qatorida muzeylar ham yurtimizdagi boshqa turistik obyektlar singari xorijlik sayyohlarni yanada koʻproq jalb etishga xizmat qiladi”.

    SHHTga aʼzo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum bu borada tashlangan muhim qadam boʻldi.

    Taʼkidlash joizki, bu bitimga koʻra, SHHT mamlakatlari tarixi, madaniyati va sanʼatiga bagʻishlangan qoʻshma ilmiy tadqiqotlar va koʻrgazma loyihalarini amalga oshirish ishlari ragʻbatlantiriladi.

    Mazkur hujjat bilan tomonlar muzey ishiga oid dolzarb mavzularda qoʻshma ilmiy va ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar tashkil qilishlari hamda bu tadbirlarda SHHTga aʼzo mamlakatlar vakillarining ishtirok etishlari belgilandi.

    Bundan tashqari, Memorandum asosida muzeylarda faoliyat yurituvchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

    ShHT davlatlari soha vakillari koʻrgazmalarni tashkil etish hamda muzey ashyolarini saqlash, restavratsiya va konservatsiya qilishda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilishga doir tajribalari bilan almashishadi.

    Shuningdek, muzey ishida inklyuziv loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda hamkorlik va tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

    Memorandum ShHT mamlakatlari muzeylar toʻplamlaridan iborat madaniy merosni asrash va ommalashtirishda Tashkilotga aʼzo davlatlarning bu boradagi saʼy-harakatlarini birlashtirishni koʻzda tutadi.

    Qayd etish joizki, ushbu bitim SHHT davlatlari oʻrtasidagi turizm rivojlanishi borasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga hissa qoʻshadi.