“Yangi Oʻzbekiston” dunyoda va mamlakatimizda koʻzga yaqqol tashlanib qolayotgan bosma nashrlar inqirozidan ham choʻchimadi, balki tahririyat xizmatini oqilona tashkil etdi – barcha saʼy-harakatini jamiki sohalarda kechayotgan islohot jarayonlarini, ushbu jarayonlarda erishilayotgan yutuqlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratdi.
Har qanday nashr faoliyati asosan ikki qismdan tashkil topadi, bu — nashrning aytar soʻzi va aytilayotgan soʻzga nisbatan mushtariylar munosabati.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda jadal davom etayotgan islohot jarayonlari haqida qanchalar koʻp va xoʻp soʻz aytsak, shunchalar oz. Zero, joylarda yuz berayotgan oʻzgarishu yangilanishlar oʻz yoʻliga, lekin ularning odamlarimiz tafakkuri, dunyoqarashida qanchalar anglab yetilayotgani va, albatta, qadrlanayotgani yanada muhim. “Yangi Oʻzbekiston” mazkur missiyani sharaf bilan ado etmoqda. Muhimi, qisqa vaqt ichida oʻz yoʻnalishi va mezonlari ijobati yoʻlida hormay mehnat qiluvchi ijodkor qalam ahli faollari safini shakllantirishga erishdi. Gazeta sahifalarida mavjud ziyoli qatlamning eng koʻzga koʻringan, eng xolis va eng qalami oʻtkir vakillari muntazam chiqish qilmoqda.
Mulohazali, tahliliy chiqishlar koʻpchilik eʼtiborini jalb etayotgani, jamiyatda sogʻlom fikr va qarashlar shakllanishiga muhit yaratayotgani quvonarli, albatta.
Gazeta sahifalari (necha sahifa chop etilishidan qatʼi nazar) bir qarashda shapaloqdek koʻrinadi, lekin uning sehri, kuch-qudrati shu qadar bepoyonki, bagʻri shu qadar kengki, u oʻz sahifalariga butun dunyoni sigʻdirib yuborishga qodir. “Yangi Oʻzbekiston” ana shunday moʻjizakor nashr boʻlib qolaveradi, deb oʻylayman.
...Kunning jilovidan tutish mushkul zamonda yashamoqdamiz. Nachora, ammo-lekin ana shu shiddatli kunlarimiz gazetasiz oʻtmasligini, “Yangi Oʻzbekiston” bilan shukuhli, fayzli oʻtishini istaymiz.
Xurshid DOʻSTMUHAMMAD,
yozuvchi