Shifokor roʻzador futbolchilarga ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarini eʼlon qildi

    Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tibbiy qoʻmitasi raisi, «Lokomotiv» klubi bosh shifokori Abror Pirriyev Oʻzbekiston musobaqalarida oʻynayotgan roʻzador futbolchilarga maslahatlar berib oʻtdi.

    Uning tavsiyalari doimiy jismoniy faoliyat bilan shugʻullanadigan istalgan insonga mos tushishi ahamiyatli. Mutaxassisga koʻra, mashgʻulot yoki oʻyin davomida futbolchi organizmi uchun energiya manbai – bu uning iftorlik va saharlikda tanovul qilgan taomi boʻlgani bois, ogʻiz ochiq paytda yetarli suyuqlik ichish va oqsilga boy taomlardan yeyish muhim.

    — Saharlikda qovurilgan, tuzi moʻl, yogʻli, achchiq, oʻta shirin yemaklar yemagan maʼqul, — deydi futbol shifokori. Dimlangan taomlar, sut mahsulotlari, tuxum, boʻtqalar maqbul. Iftorlikda salatlar, dukkakli suyuq hamda meʼdaga botmaydigan quyuq taomlar, mevalar mumkin. Ogʻizni yopgach, darhol uyquga ketmay, toza havoda biroz sayr, mutolaa yoki uy yumushlarini qilish lozim. Uyqu esa yemak oshqozonni tark etib ulgurgan, quyosh tafti ancha kuchaygan – tush mahaliga qoldirilsa, nur ustiga aʼlo nur.

    Tiniqib uxlab, kuch yigʻib, kechki mahal mashgʻulotga chiqish mumkin (futbolchilarda bunga sharoit bor). Buyogʻiga ogʻiz ochishga yaqin qoladi. Mashgʻulot yoki oʻyin mahali ogʻiz ochishga toʻgʻri kelganda, suvdan soʻng ikki dona xurmo va bitta banan yetarli, — deya fikrini yakunlaydi mutaxassis.