Shu sababli har bir ota-ona farzandlarini mavsumiy kasalliklardan himoyalashda yanada eʼtiborli boʻlishi talab etiladi.
Xoʻsh, bunda nimalarga ahamiyat berish kerak?
Ushbu savolga tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyev batafsil javob berdi.
— Kuz-qish – gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, bu paytda bolalar orasida nafas yoʻllarining turli yuqumli xastaliklari, xususan, OʻRVI koʻp uchraydi.
Boisi yomgʻirli kunlar va salqin ob-havo sharoitida organizmning viruslarga qarshi kurashish qobiliyati pasayadi.
Bunday mavsumiy infeksiyalarning oldini olishda ota-onalar, avvalo, farzandlariga shaxsiy gigiyena qoidalarini oʻrgatib borishlari lozim. Ayniqsa, bolalarda qoʻllarni muntazam sovun bilan yuvish yoki antiseptik vositalar yordamida tozalash odatini shakllantirish kerak. Chunki bu — viruslardan himoyalanishning eng muhim omili.
Shuningdek, yuzlarni qoʻl bilan ushlamaslik, xonalarni doimiy shamollatish, yoʻtal yoki aksa urganda ogʻiz va burunni salfetka yoxud tirsak bilan yopish kerak.
Agar shamollash belgilari boʻlsa, farzandlarni taʼlim muassasasiga yubormaslik maqsadga muvofiq.
Isitmasi yuqori bolaning tomogʻini yod yoki zelyonka bilan artish koʻp kuzatiladigan yanglish holat. Chunki kichik yoshli bemorning nafas yoʻli shilliq qavati juda nozik boʻlib, virus tufayli yalligʻlangan va shishgan boʻladi.
Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish yanada kattalashadi. Oqibatda laringit yoki boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.
Bolaning fibril tutqanogʻi boʻlmasa, kasallik tufayli tana harorati 38-38,5 darajadan past boʻlganda isitmani tushirishga hojat yoʻq. Shundan ortsagina, dori berish mumkin.
Shuni yoddan tutish lozimki, tana haroratining 37° daraja boʻlishi doim ham tana harorati koʻtarilganini anglatmaydi. Bolaga takror-takror isitma tushiruvchi dori berish esa uning termoregulyatsiya tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir etishi mumkin.
Bundan tashqari, allergik yoʻtal, astma, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi boʻlgan bolalar bor xonada isiriq tutatish mumkin emas. Sababi tutun tanada spazmni oshirib, yoʻtalni yanada kuchaytiradi.
Shamollash va tana harorati koʻtarilganda koʻp suyuqlik ichish kasallikni tezroq yengishga yordam beradi. Qolaversa, bolani toʻgʻri va ratsional ovqatlantirish, jismoniy chiniqtirish va surunkali infeksiya oʻchoqlarini bartaraf etish ham mavsumiy kasalliklarni oldini olishga koʻmaklashadi.
Shuningdek, oʻgʻil-qizlarga qoʻshimcha D vitaminining suvli eritmasi, askorbin kislotasi, ruh (Sink) va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari berilsa, tananing nafas yoʻllari kasalliklariga qarshi kurashish qobiliyati oshadi.
Kuzda mavsumiy virusli kasalliklarga qarshi emlanish ham xastalikdan himoyalanishning samarali usuli hisoblanadi.








