Diyetologlar xulosasiga koʻra:

Eng zararli taomlar roʻyxatida tuz, sirka, shakar qoʻshilgan marinadlar yetakchilik qiladi. Ular boshqa mahsulotlar bilan birga isteʼmol qilinganda, organizmga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Ikkinchi oʻrinda gazlangan ichimliklar turadi. Ular oshqozon, oshqozon osti bezi va yurak-qon tomir tizimi uchun xavfli. Gazlangan suvni aslo yogʻli ovqatlar bilan birga isteʼmol qilmang. Xuddi shunday, och qoringa ham ichish zararli.

Uchinchi oʻrin mayonez qoʻshilgan salatlarga taalluqli. Masalan, “olivye”ning bir kishilik oʻrtacha porsiyasi 170-180 milligramm xolesterinni oʻz ichiga oladi.

Qolaversa, 100 gramm miqdordagi ushbu salat tarkibida 200 kkal kaloriya mavjud. Shu bois, bunday mahsulotlar tayyorlashda mayonez oʻrniga smetana ishlatish maqsadga muvofiq.

Toʻrtinchi oʻrindan tortlar va pishiriqlar joy olgan. Odatda, ular ovqatdan soʻng, hazmi taom sifatida dasturxonga tortiq etiladi. Bu — katta xato.

Chunki qandolat kremi yogʻ va xolesterin bilan toʻyingan. Ular oshqozonga ogʻirlik qilishi barobarida, qonni quyuqlashtirish xususiyatiga ega. Bu yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois, bunday tort va pishiriqlarni oz miqdorda va limonli choy bilan isteʼmol qilgan maʼqul. Bu meʼda shirasi ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirib, hazm jarayonini osonlashtiradi.

Eng muhimi, surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchi bemorlar sogʻlom ovqatlanish qoidalariga toʻliq amal qilishlari lozim!